14:59 / 27.08.2015
2503

YuNESKO bosh direktorining o‘rinbosari Erik Falt O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrif buyurdi

2015 yilning 26 avgustida Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga YuNESKO bosh direktorining o‘rinbosari Erik Falt tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Simpoziumlar saroyi va Milliy kutubxona bo‘ylab tanishtiruv ekskursiyasi uyushtirilib, unda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining faoliyati, imkoniyatlari va rivojlanish istiqbollari yoritib berildi.

Mehmonni qutlar ekan, Milliy kutubxona direktori A. Xo‘jayev O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan kutubxonaning qurilish tarixi va hozirgi faoliyati, foydalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, elektron bazani yaratish jarayonida qo‘llaniladigan ilg‘or informatsion texnologiyalar, Milliy kutubxonaning xalqaro aloqalari, hususan, turli xil loyihalar doirasidagi amalga oshirilayotgan hamkorlik aloqalari haqida ma'lumot berdi. Kutubxona bo‘ylab qilingan ekskursiya chog‘ida mehmon kitob muzeyi, ko‘rgazmalar, multimediya va elektron zallarni ko‘zdan kechirdi. Erik Falt o‘quv zallarini aylanib chiqar ekan, u yerdagi zamonaviy multimediya uskunalari bilan jihozlangan maxsus zallarni tomosha qildi, kitob fondining joylashishi va saqlanishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda xodimlarning vazifalari bilan qiziqdi.

Janob Erik Falt 20 mingdan ziyod nashrga ega qo‘lyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar bo‘limiga ham tashrif buyurdi. Bu yerda u jahon va milliy merosning yozma yodgorliklari hisoblanmish nodir kitoblarning qayta tiklanishi va konservatsiyalash ishlariga nisbatan qiziqish bildirdi.

Janob Erik Falt foydalanuvchilarning kutubxona faoliyatining sunggi ma'lumotlari, shuningdek, onlayn-resurslar, audio-resurslar kioskalari bilan tanishish imkoniyatini beradigan axborot kioskalarining mavjudligini yuqori baholadi va kutubxonaning rivojlanishida mazkur kioskalarning samarali jihatdan muhim ahamiyat kasb etishini kayd etdi.

Tashrif so‘ngida, YuNESKO Bosh direktorining o‘rinbosari Erik Faltga O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan esdalik sovg‘asi taqdim etildi. Erik Falt mehmonlar kitobida o‘z yozuvlarini qoldirar ekan, ko‘rsatilayotgan xizmatlardan hayratlanganini qayd etib, kelajakda kutubxonaning yanada rivojlanishiga tilak bildirdi.

Top