08:14 / 28.08.2015
3132

OAV: O‘rta Yer dengizida bortida 200 nafar muhojir bo‘lgan qayiq cho‘kib ketdi

O‘rta Yer dengizida Liviya qirg‘oqlari yaqinida 200 nafar muhojirni olib ketayotgan qayiq cho‘kib ketdi. Bu haqda AFP agentligi ma'lum qildi.

“Falokat natijasida kamida 30 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan. Omon qolganlarni qutqarish bo‘yicha operatsiya olib borilmoqda”, deb aytdi Tripolidagi hukumat vakili.
Vakilning aytishicha, gap asosan afrikalik muhojirlar haqida ketmoqda. Ular O‘rta Yer dengizi orqali Yevropa Ittifoqining janubiy chegaralari – Italiya va Gretsiyaga yetib olmoqchi bo‘lishgan.

26 avgust kuni ham Liviya qirg‘oqlari yaqinida muhojirlarni olib ketayotgan yana bir kema halokatga uchragan edi. Migrant Report internet-nashrining ma'lum qilishcha, bu falokatda 20 ga yaqin kishi halok bo‘lgan. Bundan tashqari, yana 30 nafar muhojir boshqa bir to‘lib-toshgan kemada dvigatelga juda yaqin turganlari sababli undan chiqqan gazlardan bo‘g‘ilib halok bo‘lganlar.

Top