17:11 / 28.08.2015
4309

Tarixchi: Ayrim odatlar tufayli yuzko‘rmas bo‘lib ketayotgan oilalar bor

Ayrim urf-odatlarda me'yorni bilmaslik oqibatida yuzko‘rmas bo‘lib ketayotgan oilalar bugungi kunda ko‘plab uchraydi. Bu haqda tarixchi Dilshodbek Xudoynazarov “Oila davrasida” gazetasi sahifalari orqali aytib o‘tdi.

Qizning kelin bo‘lib boshqa xonadonga ketganidan so‘ng ushbu oilaga kelinning qarindoshlari tomonidan qirq kun davomida ovqat tashish odati haqida gapirar ekan, mutaxassis ushbu an'ananing ildizlariga to‘xtalib o‘tdi.

“Bu bilan ayollarning qanchalik pazanda, mehmonnavoz, o‘z ishiga mohir, didli, orasta hamda qarindoshlari bilan muomala-munosabati ham namoyon bo‘ladi”, - ta'kidladi u.
Shu bilan birga, tarixchining fikricha, an'analarda ortiqcha dabdaga yo‘l qo‘yish, ixtiyoriy odatlarni majburiyga aylantirish yangi quda tutingan oilalar o‘rtasidagi munosabatlarning buzilishiga olib kelgan holatlar ham kuzatilgan.

“Unutmaslik kerakki, yangi kelindan xabar olishga borish ham, unikiga nimadir ko‘tarib kirish ham majburiy emas, - so‘zida davom etdi Xudoynazarov. - Hatto, bu holatda ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, xonadon a'zolariga malol yetkazish, buni o‘zi uchun majburiyat yoki obro‘ga aylantirib olish to‘g‘ri emas. Ayrim oilalar bunday ixtiyoriy oldi-berdilar tufayli yuz ko‘rmas bo‘lib ketayotgani ham sir emas. Bugungi kunda bunday odatlarni har ikki tomon o‘zaro kelishib, zarurat bo‘lganda ixcham va hech kimga og‘ir kelmaydigan qilib o‘tkazishga targ‘ib qilinyapti”.

Top