18:42 / 29.08.2015
2831

Bangkokdagi portlashni sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxs xorijlik ekani tasdiqlandi

Tailand poytaxti Bangkok shahridagi portlashni sodir etib, yigirma kishining o‘limiga sabab bo‘lganlikda gumon qilinayotgan shaxsning xorijlik ekan tasdiqlandi. Bu haqda Reuters agentligi Tailand politsiyasi matbuot xizmatiga asoslanib xabar berdi.

Politsiya vakili gumondor shaxsning aynan qaysi mamlakat fuqarosi ekaniga oydinlik kiritmadi, biroq mahalliy telekanallarda namoyish etilgan videoroliklarda gumondorni qo‘lga olish jarayonida topilgan pastport 1987 yilda tug‘ilgan Turkiya fuqarosiga tegishli ekanini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, politsiya rasmiy ma'lumotiga ko‘ra, gumondor shaxsning turarjoyi tintuv qilinganida, portlovchi moddalar tayyorlash haqidagi materiallar topilgan. Shuningdek, qo‘lga olingan erkak hodisa joyidagi kuzatuv kameralari videotasmasidagi shaxsga o‘xshab ketadi.

Eslatib o‘tamiz, portlash 17 avgust kuni Bangkokning savdo-sotiq va sayyohlik markazida sodir bo‘lgan edi. Qo‘lbola radioboshqaruvli portlovchi modda Xitoy, Singapur va tayvanlik sayyohlar gavjum bo‘lgan to‘rt boshli fil ko‘rinishidagi Eravan ilohi yaqinida harakatga keltirilgandi.

Top