19:01 / 29.08.2015
2931

Venesuelalik pensioner bepul ovqat tarqatilayotgan hududdagi to‘polon vaqtida olamdan o‘tdi

Venesuelada 80 yoshli pensioner ayol kam ta'minlangan kishilar uchun oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilayotgan do‘kon oldida yuz bergan tiqilinch va tartibsizlik paytida halok bo‘ldi. Bu haqda The Guardian nashrida yozilgan.

Aniqlik kiritilishicha, bu voqea mamlakatning marhum prezidenti Ugo Chavesning ona yurti bo‘lmish Sabaneta shahrida sodir bo‘lgan. Oxirgi vaqtlarda bu shaharda og‘g‘ir iqtisodiy vaziyat hukm surmoqda va oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelgan.

Muxolif demokratlar ittifoqi koalitsiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu tartibsizlik vaqtida jami 75 kishi jabrlangan. Jarohatlanganlar orasida politsiya vakillari ham borligi aytilgan.

Davlat magazini qarshisida 5 ming kishi ishtirokida tartibsizlik yuzaga kelgach, vaziyatni nazorat qilishi uchun politsiya ishga solingan, lekin bu qaror aks ta'sir ko‘rsatgan. Politsiya aholini tarqatish uchun ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan.

Top