13:38 / 30.08.2015
2590

Yaponiya parlamenti jiddiy o‘zgarishlar arafasida: muxolifatdagi fraksiyalar soni bittaga ortadi

Yaponiyadagi Osaka shahri meri va mamlakatda ikkinchi o‘rinda turuvchi muxolifatdagi Yapon innovatsiyalar partiyasining sobiq yetakchisi Toru Xasimoto oktabr oyida yangi fraksiya tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 30 avgust kuni siyosatchining rasmiy vakillari ma'lum qildi.

Xasimotoning Yapon innovatsiyalar partiyasidagi 20 nafar atrofidagi sobiq hamkasblari yangi fraksiyaning dastlabki a'zolari bo‘lishi qayd etildi. Yakuniy tarkib esa oktabr oyining ikkinchi yarmida e'lon qilinadi.
Kiodo agentligi xabariga ko‘ra, Yapon innovatsiyalar partiyasining amaldagi yetakchisi Yorixisa Matsuno ham keyingi haftada asosiy muxolifatdagi partiya — Demokratlar partiyasi rahbari Katsuya Okada bilan uchrashib, birlashish masalasini muhokama qilishni rejalashtirgan. Bu esa yaqin orada yapon parlamentida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lishini anglatadi.

Parlament quyi palatasi uchun o‘tkazilgan so‘nggi saylovlar vaqtida Yapon innovatsiyalar partiyasi 475 o‘rinning 40tasiga ega chiqqan edi. Yuqori palatada esa 242 deputatning 11 nafari ushbu partiya a'zolari hisoblanadi.

Top