14:38 / 31.08.2015
7749

“Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivali Gran-prici Xitoyning “Jiangsu Women’s Orchestra” guruhiga topshirildi

Samarqand shahrida “Sharq taronalari” o‘ninchi xalqaro musiqa festivali yakunlandi.

"O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali bu yil o‘ninchi bor o‘tkazildi. Qariyb bir hafta davomida Samarqand shahridagi Registon maydonida, “Mo‘'jiza” va “Nihol” amfiteatrlari, “Yoshlik”, “So‘g‘diyona”, “Shabboda” istirohat bog‘lari, Samarqand, Oqdaryo, Jomboy va Tayloq tumanlarida yangragan kuy-qo‘shiqlar muxlislar qalbidan chuqur joy oldi.

Musiqiy forum doirasida mehmonlar Samarqand shahridagi muzeylar, hunarmandlik markazlari va mehmonxonalarda festival tarixiga oid suratlar, milliy hunarmandlik namunalari va cholg‘u asboblari ko‘rgazmalarini katta qiziqish bilan tomosha qildi. Noyob me'moriy yodgorliklar, betakror tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar ziyorati, istiqlol yillarida bunyod etilgan zamonaviy inshootlar ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi", deyiladi "Turkiston Press" xabarida.

Festivalda ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san'at namoyandalari ishtirok etdi. Qatnashchilar anjuman doirasida o‘tkazilgan ilmiy konferensiya, turli madaniy tadbir va badiiy kechalar, uchrashuv va muloqotlarda, joylarda tashkil etilgan Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan tantanalarda qatnashdi. Ular bir-birlari bilan fikr va tajriba almashib, ijodiy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi.

30 avgust kuni “Sharq taronalari” o‘ninchi xalqaro musiqa festivali g‘olib va sovrindorlarini e'lon qilindi. Festivalning bosh sovrini — Gran-pri Xitoyning “Jiangsu Women’s Orchestra” guruhiga topshirildi.

“Ayni damda dunyoda bizdan baxtliroq inson yo‘q, hayajonimizni ta'riflashga til ojiz, — dedi “Jiangsu Women’s Orchestra” guruhi a'zosi Jang Jing. — Bu kabi xayrli ishlarga tashabbus ko‘rsatib, san'at va madaniyat rivojiga alohida e'tibor ko‘rsatayotgani, jahonda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shayotgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Bu betakror va go‘zal sahnada yana qo‘shiq kuylashni orziqib kutamiz. Tinchlik, do‘stlik va ezgulik g‘oyalarini tarannum etuvchi “Sharq taronalari” abadiy yangrayversin!

Yaponiyaning “Shamisen” guruhi birinchi, Polsha va Estoniya vakillari ikkinchi, Kosta-rikalik san'at ustalari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Qoraqalpog‘istonning “Ayqulash yulduzlari” guruhi YuNeSKOning maxsus sovriniga sazovor bo‘ldi.

Qator qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib rag‘batlantirildi.

Marosimda yurtimiz san'at ustalari va yosh ijrochilar ishtirokida katta konsert dasturi hamda festival uchun maxsus tayyorlangan 3D formatdagi ranglar shousi namoyish etildi. Unda O‘zbekistonning shonli tarixi, mustaqillik yillarida buyuk ajdodlarimiz ma'naviy merosini tiklash borasidagi ishlar, madaniyat va san'at sohasida qo‘lga kiritilgan ulkan yutuqlar o‘z ifodasini topdi.

Xalqaro musiqa festivalining yopilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Hodiyev, Samarqand viloyati hokimi Z.Mirzayev ishtirok etdi.

Top