14:30 / 02.09.2015
2363

Turkiya qirg‘oqlari yaqinida qochqinlar mingan qayiqlar suvga cho‘kib ketdi

Ichida suriyalik muhojirlar bo‘lgan ikkita qayiq Turkiyaning Bodrum shahri yaqinida, Egey dengizi suvlariga cho‘kib ketdi va kamida 11 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda DHA agentligi xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, qayiqdagi kishilar Gretsiyaning Kos oroliga noqonuniy ravishda yetib olmoqchi bo‘lishgan edi. Qurbon bo‘lganlarning 3 nafari bolalar ekani aytilgan. Turkiyalik qutqaruvchilar 4 nafar kishining hayotini saqlab qolishgan.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, shu yilning yozida minglab qochqinlar Turkiyadan Gretsiyadagi orollarga o‘tishgan. Har kuni Gretsiya hududiga o‘rtacha 2 ming nafar noqonuniy muhojir kirib kelmoqda.

Ma'lumot uchun, 2015 yilning boshidan buyon Yevropa Ittifoqi hududiga kirib kelgan muhojirlar soni 340 ming nafardan oshib ketdi. Yevropaga bu miqdordagi noqonuniylar oqimi oxirgi marta Ikkinchi jahon urushi davrida kuzatilgandi. 31 avgust kuni Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya davlatlarining tashqi vazirliklari vaziyatni muhokama qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazish taklifi bilan chiqishdi.

Top