20:12 / 02.09.2015
2128

Vitaliy Mutko Rossiya futbol ittifoqi prezidenti etib saylandi

2 sentabrda Rossiya futbol ittifoqi (RFI)ning navbatdan tashqari anjumanidagi ovoz berish marosimida Rossiya sport vaziri Vitaliy Mutko bir ovozdan RFI prezidenti etib saylandi. 

Anjumanda 165 delegat ishtirok etib, ulardan 76 nafari akrreditatsiyadan o‘tgan hududiy sport federatsiyalarini taqdim qilgan. Ulardan har biri anjumanda 4 ta ovozga, qolgan 89 nafar delegat esa bittadan ovozga ega bo‘ldi.

56 yoshli Mutko RFI prezidenti lavozimiga ro‘yxatdan o‘tgan yagona nomzod bo‘ldi. Bu lavozim 31 mayda RFI anjumanida Nikolay Tolstixning muddatdan avval vakolatlarini tugatish haqidagi qaror qabul qilingandan keyin bo‘sh bo‘lib turgan edi.

Mutko bu lavozimga ikkinchi bor saylanmoqda. U RFIga 2005 yil 2 aprelidan 2009 yilning 29 noyabrigacha rahbarlik qilgan. Bu davr ichida TsSKA (2005 yil may oyida) va “Zenit” (2008 yil may oyida) UYeFA kubogini qo‘lga kiritdi, Rossiya terma jamoasi 2008 yilgi Yevropa chempionatining yarimfinalchisiga aylangan. Biroq shu bilan birga Mutko davrida rossiyalik futbolchilar 2006 yilgi jahon chempionati va 2008 yilgi Yozgi Olimpiya o‘yinlari final bosqichiga yo‘l ololmagan edilar.

Top