17:18 / 03.09.2015
2630

Dallasda og‘ir atletika bo‘yicha faxriylar o‘rtasidagi jahon kubogida O‘zbekiston vakili g‘alaba qozondi

6-16 avgust kunlari AQShning Dallas shahrida og‘ir atletika bo‘yicha faxriylar o‘rtasidagi jahon kubogi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik Vyacheslav Bryuxov bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.

Og‘ir atletika federatsiyasi matbuot xizmatining yozishicha, 46 yoshli Boryuxov 45-49 yoshgacha bo‘lgan faxriylar o‘rtasida 94 kg. vaznda jahon kubogida zafar quchgan. Bir yil muqaddam angrenlik murabbiy Daniyaning Kopengagen shahrida jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgandi.

Bryuxov mazkur musobaqada dast ko‘tarish bahslarida 125 kg, siltab ko‘tarish musobaqalarida ikkinchi urinishdayoq 153 kg.ni toshni ko‘tarib muddatidan oldin bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni egallagan mezbon sportchi Uilfrid Ernandes dast ko‘tarishda 125 kg, siltab ko‘tarishda esa oxirgi urinishda 150 kg. Toshni ko‘targandi.

Joriy yilning 12-19 sentabr kunlari Finlyandiyaning Rovaniyemi shahrida faxriylar o‘rtasida jahon chempionati bahslari o‘tkaziladi. Ushbu turnirda Boryuxov o‘z unvonini himoya qilish uchun kurashsa, jahon chempionati sovrindorlari Vohiddin Najmiddinov va Abdulla Rahmatovlar ham O‘zbekiston sharafini mazkur musobaqada himoya qilishadi.

Top