07:09 / 03.09.2015
3709

Samarqandda yangi savdo-ko‘ngilochar markazi ochildi

Samarqandda 1 sentabr, Mustaqillikning 24 yilligi nishonlanishi kuni to‘yga to‘yona sifatida tantanali ravishda yangi “Omega” savdo-ko‘ngilochar markazi ochildi. Markaz o‘zining faoliyatini barchamizga aziz va ulug‘ kun boshlashga qaror qildi.

Hozircha markazning 1-qavati ishlamoqda, 2-qavati bir necha oydan keyin ishga tushadi.
Markaz ochilishi qizil tasma qirqilishi bilan boshlandi. Savdo markazi rahbariyati Samarqand ahli va mehmonlarni o‘zbek estradasi vakillari konserti bilan xushnud qildi. Ikki qavatli savdo markazi binosi oldida markazga tashrif buyurganlar o‘rtasida turli qiziqarli tanlovlar o‘tkazildi va g‘oliblarga esdalik sovg‘alar topshirildi.

So‘ngra barcha yig‘ilganlar savdo markazi ichkarisiga taklif etildi. Umumiy maydoni 1300 kv metrni tashkil qiladigan markazning 1-qavatida katta assortimentdagi oziq-ovqat va yetakchi ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlaridan tashkil topgan qatorlar qad rostlagan.

Markazning ajralib turuvchi jihati shundaki, bu yerda oddiy “buxanka”dan tortib fransuz bagetlarigacha bo‘lgan issiq non va qandolatchilik mahsulotlari xarid qilish mumkin. Bu non va qandolatchilik mahsulotlari shu yerning o‘zida “Omega bakery” nonvoyxonasida va qandolatchilik sexida tayyorlanadi.

Markaz direktori Dmitriy Latipovning ta'kidlashicha, markazda 40 nafar samarqandlik yoshlar faoliyat yuritmoqda, ulardan ko‘pchiligini kollej va oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari tashkil qiladi. Shuningdek, markazning ikkinchi qismining ishga tushirilishi bo‘yicha tashkiliy masalalar hal qilinmoqda. Latipovning aytishicha, markaz nafaqat savdo-sotiqqa yo‘nalgan, balki ko‘ngilochar, barcha yoshdagilar uchun qiziqarli bo‘lishi kerak.

Markazning umumiy maydoni 1800 kv metrni tashkil qiluvchi 2-qavatida ovqatlanish shaxobchalari, kafe, bolalar maydonchasi, o‘yin avtomatlari va kiyim-kechak, poyafzal, to‘qimachilik mahsulotlari va boshqa mahsulotlar sotiladigan do‘konlar joylashadi.

Markaz ma'muriyatining ma'lum qilishicha, markaz ochilishining birinchi kuni unga minglab odam tashrif buyurdi. Ulardan 1105 nafari 6000 nomdagi mahsulot xarid qildi.

Top