17:24 / 04.09.2015
5401

Putin: YeIda migratsion inqiroz kutilgan holat edi

Yevropada migratsion inqiroz kelib chiqishi “mutlaqo kutilgan holat edi”, deb hisoblaydi Rossiya prezidenti Vladimir Putin.
2015 yildan buyon Yevropaga Shimoliy Afrikaning ixtilof alangasida qolgan hududlaridan eng kamida 340 ming muhojir keldi.

Ekspertlarning fikricha, bu Ikkinchi Jahon urushidan buyon Yevropada kuzatilayotgan eng mudhish migratsion inqirozdir. YeI a'zolari ushbu muammoni hal qilishga turlicha yondashmoqda.
“Biz, Rossiya, xususan, kamtarin qulingiz, agar g‘arblik hamkorlarimiz musulmon dunyosi davlatlarida, ayniqsa Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika mintaqalarida yanglish tashqi siyosat yuritishda davom etsa, ular esa bunday siyosat yuritishni davom etmoqda, yirik miqyosli muammolar kelib chiqishini bir necha bor aytgan edik”, - ta'kidladi u Sharqiy iqtisodiy forum chog‘ida.

“Bu qanday siyosat? – so‘zida davom etdi Rossiya rahbari. – O‘z standartlarini singdirishga urinish, tarixiy va madaniy, diniy, milliy o‘ziga xosliklarni inobatga olmaslik... Bu, birinchi navbatda, amerikalik hamkasblarimizning siyosatidir. Yevropa ittifoqchilik majburiyatlari doirasida bu siyosatga ko‘r-ko‘rona ergashadi, so‘ng o‘zi buning yukini zimmasiga oladi”.
Oq Uyning rasmiy vakili Josh Ernest Vashington muhojirlar muammosini hal qilishda YeIga “texnik ekspertiza” taqdim etishga tayyorligini bayon qildi. AQShning o‘zi muhojirlarni qabul qilishga tayyor-tayyor emasligi haqidagi savolga javoban esa “YeI davlatlari ushbu muammoni mustaqil ravishda hal qilish uchun yetarli imkoniyatlarga ega”ligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, Putin aholi Suriyadan Bashar Asad tufayli emas, IShID terrorchilaridan qochayotganini ma'lum qildi.
“Albatta, Suriyadagi voqealarga urlicha yondashuvlar borligini bilamiz. Darvoqe, odamlar Bashar Asad rejimidan qochmayapti. Ular IShID qochmoqda. Terrorchilar Suriya va Iroqda ko‘p hududlarni egallab oldi. O‘sha yerda vahshiyliklar avj oldi. O‘sha yerdan qochishyapti”, - ta'kidladi u.

Muallif: Eldor Asanov

Top