19:42 / 05.09.2015
36792

“Orel i reshka. Shoping” ko‘rsatuvining O‘zbekistonga bag‘ishlangan soni aksariyat o‘zbekistonliklarda salbiy taassurot qoldirdi

4 sentabr kuni Rossiyaning “Pyatnitsa” telekanali efirida ommaviy «Orel i reshka. Shoping» ko‘rsatuvining O‘zbekistonga bag‘ishlangan soni efirga uzatildi. Ko‘rsatuvning bu soni Samarqandda suratga olinayotgani 30 iyunda ma'lum bo‘lgan edi. Keyinroq ko‘rsatuv mualliflari ko‘rsatuv syujyetiga shuningdek Buxoro va Toshkentdagi lavhalar ham kiritilganini aytib o‘tishdi. Ikki oydan beri o‘zbekistonliklar bu ko‘rsatuvning efirga uzatilishini intiqlik bilan kutishdi. Va nihoyat 4 sentabr kuni ko‘rsatuvning O‘zbekistonga bag‘ishlangan soni efirga uzatildi.

Ko‘rsatuv boshlovchilari Mariya Ivakova va Anton Lavrentev Buxoro va Samarqandda shoping uyushtirishdi. Toshkentga esa ko‘rsatuvda bor-yo‘g‘i bir necha soniyalargina ajratildi. Anton bozorga do‘ppi, pichoq, cho‘pon, o‘zbek shirinliklari va tansiq taomlari va albatta palovxonto‘rani qidirib otlangan bo‘lsa, Mariya esa so‘zana, kulolchilik buyumlari, dizaynerlik ko‘ylaklari va aksessuarlar ortidan yo‘l oldi.

Ko‘rsatuvdan keyin u haqdagi fikrlar turlicha bo‘ldi, biroq ko‘pchilik tomoshabinlar ko‘rsatuvdagi lavhalardan ko‘ngillari xira bo‘ldi: ularning fikricha, ko‘rsatuv ijodkorlari O‘zbekistonni bir tomonlama yoritishgan. Ko‘rsatuvning ashaddiy muxlislari boshlovchilar ko‘pchilik narsalarga yumor bilan qarashlari va ko‘pincha mahalliy savdogalar va aholi ustidan askiya qilishlarini bilsalarda, biroq ular o‘zlarini “biroz xo‘rlangandek” his qildilar. “Ko‘rsatuvdan keyin kayfiyat bir pul bo‘ldi” , deb xulosa chiqardi ko‘pchilik. Boshlovchilarning bir qator masalalar borasidagi kesatiqlari ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining achchig‘ini keltirdi. Boshlovchilarning “Bizda homiladorlar polivitaminlar kompleksi iste'mol qilsa, bu yerda ular kesak yerkanlar” kabi kesatig‘i ko‘pchilik ayollarimizning nafsoniyatiga tegdi. Boshlovchi Mariyaning Qur'on o‘qish uchun taglikdan selfi olish moslamasi tarzida foydalanishi ham katta noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Top