21:12 / 06.09.2015
8603

Gretsiya AQShning talabiga ko‘ra Rossiyaga o‘z osmonini yopishdan bosh tortdi

Gretsiya hukumati Suriyaga gumanitar yordam yetkazayotgan Rossiya samolyotlari uchun havo hududini yopishni talab qilgan AQShning murojaatini qondirmadi.

5 sentabr kuni Gretsiyadagi AQSh elchixonasi Gretsiya hukumatiga Rossiya samolyotlariga Afina havo hududidan parvoz qilishni taqiqlashni so‘rab murojaat qildi. AQSh rad javobini oldi, bunga sabab esa oddiy – greklar Rossiya bilan munosabatlarni buzishni istashmayapti.

Moskva Suriyaga 1 sentabrdan 24 sentabrgacha gumanitar yordamni yetkazish maqsadida Gretsiya hududidan parvoz qilish uchun Afinadan rasmiy ruxsat olgan edi. Gretsiya o‘z qaroridan voz kechishni istamayapti.

Oxirgi kunlarda Suriya shimolidagi Mareya shahri yaqinida 47 kishi halok bo‘ldi. Hozirda bu yerda “IShID” terrorchilik guruhi jangarilari va AQSh va Turkiya yordam berayotgan muholifat kuchlari o‘rtasida faol janglar olib borilmoqda.

O‘z navbatida, Suriya armiyasi jangarilarni nasroniylar shahri Maalyuldan chiqarib yuborishga muvaffaq bo‘ldi. Jangarilar o‘z odati bo‘yicha bu yerda ham ko‘plab cherkov va ibodatxonalarni vayronaga aylantirib, ruhoniylarni qatl etishgan.

Top