06:59 / 07.09.2015
3144

Islandiya o‘z tarixida ilk marta Yevropa chempionatiga yo‘llanma oldi

Islandiya terma jamoasi Yevro-2016 turnirining saralash bosqichini muvaffaqiyatli ravishda o‘tkazdi va muddatidan oldin yo‘llanmaga ega bo‘ldi.

Bu terma jamoa saralash bosqichini A guruhida o‘tkazdi hamda 8-tur o‘yinlaridan keyin islandiyaliklar guruhda birinchi o‘rinda turibdi. 8 turda o‘z maydonida Qozog‘istonni qabul qilgan Islandiya 0:0 hisobida durang o‘ynadi va ochkolari sonini 19taga yetkazdi. Saralash bosqichi yakunlanishiga 2 tur qolgan vaqtda endi bu terma jamoa kamida ikkinchi o‘rin bilan guruhdan chiqishi aniq bo‘lgan. Shu tariqa, islandlar 2016 yilda Fransiya maydonlarida o‘tadigan turnirda o‘z tarixida ilk marta Yevropa chempionatida ishtirok etadi.

Ushbu guruhda ikkinchi o‘rin Chexiyaga tegishli bo‘lib turibdi. Chexiyaliklar 8-turda Latviyani 2:1 hisobida yenggan va ochkolari sonini 19taga yetkazgan hamda to‘plar nisbatiga ko‘ra ikkinchi o‘rinda joylashgan.

A guruhida Yevropa chempionatiga chiqish imkoniyatini saqlab qolish uchun Gollandiya va Turkiya terma jamoalari kurashni davom ettiradi. Bu ikki terma o‘rtasida 6 sentabr kuni o‘tkazilgan o‘yindan (Turkiya foydasiga 3:0) keyin uchinchi o‘rin uchun 12 ochkoga ega Turkiya va 10 ochkosi bor Gollandiya da'vogar hisoblanadi.

Keyingi ikki turda Gollandiya Qozog‘iston va Chexiya bilan, Turkiya esa Chexiya va Islandiya bilan o‘yin o‘tkazadi.

Top