12:40 / 07.09.2015
12392

Rossiyalik publitsistning so‘zlari o‘zbekistonlik jurnalistlarning noroziligiga sabab bo‘ldi

Rossiyalik yozuvchi va publitsist Aleksandr Proxanovning “Zavtra” gazetasida chop etilgan “Boshqariluvchi xaos” nomli maqolasi o‘zbekistonlik jurnalist Cho‘lpon Xamatovning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Uning javob maqolasi “Novosti Uzbekistana” nashrida e'lon qilindi.
Asosan Yaqin Sharqdagi vaziyat, Yevropa Ittifoqi duch kelgan migratsion inqirozga bag‘ishlangan maqolada Proxanov O‘rta Osiyo davlatlariga ham to‘xtalib o‘tgan. Uning fikricha, O‘rta Osiyo mintaqasining davlatlarini larzaga keltirayotgan g‘alayonlar va inqirozlar Rossiyaga tahdid solishi, bu yerga ham, Yevropada bo‘lgani singari, qochqinlar oqimini olib kelishi mumkin.
“Rossiyaga yaqinida, O‘rta Osiyoning keng hududlarida sekinlashtirilgan portlovchi omillar bor, ular ko‘p jihatdan amalga oshmagan mahalliy davlatlarni oyoqqa ko‘tarishi mumkin, - deb yozadi rossiyalik publitsist. – Isyon vaqirlab qaynayotgan Farg‘ona. Yaqinda isyon bostirilgan Qozog‘istondagi O‘zan.

Yaqinda sodir bo‘lgan inqilob oqibatlarini bartaraf qila olmagan Qirg‘iziston. Ko‘lob avlodining beqaror boshqaruvidagi Tojikiston. Bu hududlar ko‘z ochib yumguncha portlashi mumkin. Va bu g‘alayonlarning portlash zarbi, O‘rta Osiyo xaosi to‘lqini shimolga, Rossiyaga, tinchlik va xotirjamlik hukm surayotgan farovon yerlarga yopiriladi”.
“Qanaqasiga Qozog‘iston va O‘zbekistonni amalga oshmagan davlatlar deyish mumkin?”, - hayron qoladi o‘zbekistonlik jurnalist.
Uning fikricha, O‘zbekistondagi vaziyat Proxanov o‘ylaganidek emas, aksincha, bu yerda tinchlik va barqarorlik hukm surmoqda.
Shuningdek, Xamatov IShID kuchlarining mintaqaga kirib kela olishiga ham katta shubha bilan qaradi. Bunga asosiy omil sifatida O‘zbekiston armiyasining mintaqada eng yaxshi tayyorgarlikka egaligi, Qirg‘iziston yoki Tojikistonga hujum uyushtirilgan taqdirda esa KXShT mexanizmlarining ishga tushirilishi aytib o‘tildi.

Proxanov Moskvaga go‘yoki Lujkov tomonidan “kiritilgan” millionlab ozarbayjonliklar va O‘rta Osiyo respublikalari vakillarini “begonalar” (chujyezemtsy) deb atagani ham o‘zbekistonlik muallifning g‘azabini qo‘zg‘adi.
“Bunisi endi isterika emas, ochiqchasiga millatchilikdir, buning uchun janob Proxanovni 1937 yili o‘n yilga Kolimaga yuborishar edi. Sobiq sovet respublikalari xalqini begonalar deb atash sobiq baynalmilalchi va kommunist uchun kutilmagan holat”, - deb yozadi u.

“Rossiyadagi ozarbayjonliklar haqida hech narsa demaydi – bilmayman. Lekin bizning vatandoshlarimizga kelsak, ular u yerda o‘ta og‘ir sharoitlarda quruvchilar, yuk tashuvchilar, farroshlar, idish-tovoq yuvuvchilar sifatida mehnat qilmoqda. Rossiyalik ekspertlarning ta'kidlashicha, bunday ishlarga rossiyaliklarning o‘zlarini jalb qilish qiyin. Qanaqa pul va davlat, qanaqa qulay yashash sharoiti? Xudo sizga bunday pul va yashash sharoitin ko‘rsatmasin, Aleksandr Andreyevich!”, - qo‘shimcha qiladi Xamatov.

Muallif: Eldor Asanov

Top