22:42 / 08.09.2015
8999

MY5 telekanali yangi mavsumda qanday seriallar namoyish etishini ma'lum qildi

O‘zbekiston MY5 telekanali yangi mavsumda qanday seriallar namoyish etishini oshkor etdi. “Darakchi” gazetasida telekanal tomonidan suratga olinib, namoyishga hozirlanayotgan 5 serial haqida ma'lumot berildi.

“Artist” nomli serial sitkom janrida bo‘lib, san'at va madaniyat instituti talabalari hayotidan hikoya qiladi. Ayni paytda tasvirga olish ishlari tugagani yo‘q.
“Bir kam dunyo-2” seriali, nomidan ko‘rinib turganidek, shu nomli serialning davomidir. U turli hayotiy voqealar, oilaviy munosabatlar to‘g‘risida hikoya qiladi.

Ayni kunlarda serialning ssenariysi yozib tugatildi.
“Taqdir so‘qmoqlari” esa seriali yil davomida haftada bir marotaba badiiy-ma'rifiy ko‘rsatuv tarzida efirga uzatib boriladi. Unga O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa'dullayev boshlovchilik qiladi.

“Qarisi bor uy” seriali voqealari ham oilaviy mavzuga bag‘ishlanadi. Voqealar shaharlik nabiralarini ko‘rgani qishloqdan kelgan chol obrazi orqali namoyish etiladi. Serialda kattalar bilan yoshlarning munosabatlari yengil kulgi orqali ochib beriladi.

Nihoyat “Kafe “Hayot” seriali voqealari Toshkentdagi kafelardan birida bo‘lib o‘tadi. U turli hayotiy, kulgili voqealardan iborat bo‘lsa-da, hayotga jiddiy qarashga undaydi.

Top