15:53 / 08.09.2015
4552

Toshkentda "Xitoy kinosi haftaligi" boshlandi

7 sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida «Samimiy sevgi» kartinasi namoyishi orqali O‘zbekistonda "Xitoy kinosi haftaligi" boshlandi.

Shuningdek, 8 sentabr kuni Xitoy delegatsiyasi vakillari O‘zbekiston Davlat san'at va madaniyat institutida va Respublika Baynalmilal madaniyat markazida uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Bu delegatsiya Xitoy Davlat matbuot, noshirlik, radioeshittirishlar, televideniye va kinematografiya bosh boshqarmasi mas'ullaridan iborat bo‘lib, 7-10 sentabr kunlari davomida "Xitoy kinosi haftaligi"ni o‘tkazish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan.

Xitoy Xalq Respublikasining yurtimizdagi elchixonasining muvaqqat ishlar vakili Tszo Yanxueyning ta'kidlashicha, tadbirda namoyish etiladigan filmlar orqali o‘zbekistonlik tomoshabinlar oddiy xitoyliklarning kundalik turmush tarzi, quvonch va tashvishlari bilan tanishishlari va mentalitet jihatdan xitoyliklar o‘zbekistonliklarga qanchalar yaqin ekanlikligini his qilishlari mumkin. Jumladan, kino kunlarini ochib bergan «Samimiy sevgi» kartinasi hayotiy voqealarga asoslangan bo‘lib, unda ona muhabbati haqida hikoya qilinadi.

«Xitoy delegatsiyasi o‘zbekistonlik hamkasblari bilan ekspertlar darajasida uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirgan bo‘lib, unda filmlarni birgalikda ishlab chiqarish, Xitoyda o‘zbek kinosi kunlarini tashkil etish va mazkur mamlakatda o‘zbek filmlari namoyishlari sonini oshirish kabi masalalarni muhokama qilish ko‘zda tutilgan», – deydi Tszo Yanxuey.
Kino kunlari davomida Xitoy kinoijodkorlari tomonidan so‘nggi yillarda suratga olingan jami olti film namoyish etilishi belgilangan.

NAMOYIShLAR DASTURI
7 sentabr
19:00. «Haqiqiy sevgi» (Genuine Love) Sherzod Yakub.
8 sentabr
17:00. «Ili daryosi» (Never Look Back) Van Jinguan.
19:00. «Maymunlar qiroli» (The Monkey King), Cheang Pou-Soy.
9 sentabr
17:00. «Parom» (The Ferry), Vey Shi.
19:00. «Xorijlik oqsoch» (When Peking Family Meets a Foreign Au Pair) Chen Gan.
10 sentabr
19:00. «Buyuk usta» (The Grandmaster), Vong Kar-Vay.

Namoyishlarga kirish bepul.

Top