10:30 / 09.09.2015
23791

Samarqand avtobozorida savdo hajmi pasayib ketdi

Oxirgi bir necha oy mobaynida Samarqand avtomobil bozorida savdolar hajmi sezilarli darajada qisqarib ketdi. Bu haqda “Novosti Uzbekistana” nashri maqola chop etildi.

“Maroqand avtomobil bozori” MChJ direksiyasi vakillarining so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda bozorga sotish uchun 600-650 mashina olib kelinadi. Bir necha oy muqaddam bu ko‘rsatkich 800-850 donaga teng edi.
Dilerlarning ta'kidlashicha esa, ikkilamchi mashina bozoridagi oldi-sotdi shartnomalari soni bugungi kunda 80-90tani tashkil qilmoqda. O‘tgan yil oxirida bu ko‘rsatkich 120-150tadan iborat edi.


Shu bilan birga, sotuvchilarning ta'kidlashicha, mashinalarning narxi ham keskin tushib ketgan. Eng arzon mashinalar Tico va “Jiguli” bo‘lib, o‘rtacha 7 mln so‘mga baholanmoqda. Undan keyingi o‘rindagi Matiz mashinalarining narxi 20 mln so‘mgacha boradi.

Spark, Nexia va Lacetti esa eng xaridorgir mashinalar bo‘lib qolmoqda. Shu bois ularning narxlari ham barqaror turibdi. Jumladan, Spark rusumli ulovlar o‘rtacha 37.5 mln so‘mga sotilmoqda. Nexia’ning o‘rtacha narxi 28.5 mln so‘mni tashkil qilmoqda.

Lacetti va Cobalt rusumli mashinalarning narxi esa, texnik ahvoli, chiqqan yili va boshqa ko‘rsatkichlariga qarab 29 mln so‘mdan 67 mln so‘mgacha bormoqda.

Maroqand avtomobil bozori Samarqand shahridan 6 km narida joylashgan bo‘lib, viloyatdagi yagona ikkilamchi mashina bozori hisoblanadi. U har yakshanba kuni ishlaydi.

Top