09:11 / 09.09.2015
2199

Toshkentda huquq-tartibot organlarining iqtisodiy islohotlardagi ishtiroki muhokama qilindi

Kecha Toshkentda “2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, struktur qayta tuzish va diversifikatsiyalash dasturini realizatsiya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar roli va mas'uliyatini oshirish to‘g‘risida” mavzuidagi seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda respublikaning turli burchaklaridan tashrif buyurgan 300dan ortiq tadbirkorlar, sanoat korxonalari rahbarlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari, fermer xo‘jaliklari egalari ishtirok etdi.
Tadbir prezidentning “Xususiy mulkni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilish, ularning rivojlanishiga qo‘yilayotgan to‘siqlarni bartaraf etish to‘g‘risida”gi farmonini amalga oshirish mexanizmlari muhokamasiga bag‘ishlandi.

Ishtirokchilar tadbir davomida iqtisodiy islohotlarning 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, struktur qayta tuzish va diversifikatsiyalash dasturi bilan bog‘liq yangi bosqichini muhokama qilishdi. Bu jarayonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar joylarda nazorat ishlarini yuritib, dasturda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning so‘zsiz amalga oshirishini ta'minlashi lozimligi ta'kidlab o‘tildi.
Konferentsiyada O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov chiqish qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston bosh prokurori Ixtiyor Abdullayev tadbir doirasida chiqish qilib, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish borasida prokuratura olib borayotgan ishlar xususida gapirib o‘tdi. Uning ta'kidlashicha, prokuratura huzurida ishonch telefonlari tashkil etilgan bo‘lib, u orqali tadbirkorlarga zaruriy huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

“Bosh prokuraturada 1007 raqamida ishonch telefoni ishi ta'minlangan. Bu telefon orqali murojaat qilgan tadbirkorlarning hech qanday murojaati javobsiz qolmaydi”, - ta'kidladi Abdullayev.
Bundan tashqari, u idora oldida turgan ushbu yo‘nalishdagi keyingi ishlarga qisqacha to‘xtaldi.

Muallif: Eldor Asanov

Top