19:40 / 10.09.2015
4665

Alibobo Rahmatullayev Ozarbayjonning “Ravan” jamoasi bilan 1,5 yillik shartnoma imzoladi

“Bunyodkor” va “Navbahor” jamoalarining endilikda sobiq yarim himoyachisi Alibobo Rahmatullayev Ozarbayjonning “Revan” klubi bilan shartnoma imzoladi. Kelishuv 1,5 yilga mo‘ljallangan.

24 yoshli futbolchi Boku klubi safida 10-raqam ostida to‘p tepadigan bo‘ldi.

Rahmatullayev bir hafta mobaynida “Revan” klubida ko‘rikdan o‘tgandi.

Ta'kidlash joizki, “Navbahor” Rahmatullayev bilan shartnoma imzolanayotganida agar unga xorijdan yaxshiroq taklif tushsa futbolchini hech bir muammosiz qo‘yib yuborish borasida kelishib olgandi. Shu sababdan “Ravan” unga rasmiy taklif bilan murojaat etgach, Namangan jamoasi va futbolchi o‘zaro kelishgan holda shartnomani bekor qilishdi va futbolchi yangi jamoasiga erkin agent sifatida borib qo‘shildi.

O‘zbekistonlik legionerlar soni shu tariqa yana bir nafarga oshdi.

Ma'lumot uchun, "Ravan" jamoasi o‘tgan mavsum yakuniga ko‘ra mamlakat premer-ligasiga beriladigan yo‘llanmaga ega bo‘lgandi. Ayni paytda mazkur klub Ozarbayjon chempionatining uch turidan so‘ng ikki ochko jamg‘arib, o‘n jamoa orasida sakkizinchi pog‘onani egallab turibdi. Alibobo yangi jamoasidagi debyutini 13 sentabr kuni "Neftchi"ga qarshi uchrashuvda nishonlashi mumkin. 2007 yilda tashkil topgan ushbu jamoa 2011 yilga kelib Ozarbayjon premer-ligasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgandi. "Arslonlar" 2013-2014 mavsumda Ozarbayjon kubogi yarim finaliga qadar yetib borishgandi. Bu klub tarixidagi eng katta yutug‘i hisoblanadi. Ammo, shu mavsumning o‘zida quyi divizonga tushib ketgandi.

Top