11:17 / 10.09.2015
6026

Bloomberg Yelizaveta Ikkinchining moliyaviy holatini hisoblab chiqdi

Britaniya qirolichasi Yelizaveta IIning moliyaviy holati 425 million dollar (276,7 million funt)ni tashkil etadi, deya xabar tarqatdi Bloomberg nashri.

U ushbu ko‘rsatkichi bilan 14 millard dollarga egalik qilayotgan badavlat britaniyalik — Jyerald Grosvenordanidan 33 marotaba kamroq boylikka ega. Yevropaning eng boy ayoli Lilian Betankurda esa 32 millard dollarlik mablag‘ bor.

Agentlikning qayd etishicha, bu yerda gap faqatgina 89 yoshli qirolichaning shaxsiy mablag‘lari haqida ketmoqda. Britan qirollik oilasi aktivlari esa 20 milliard funt sterlingni tashkil etadi.

Yelizaveta II boyligi investitsiyalar (75 million dollar), meros aktivlari (110 million), markalar kolleksiyasi (75 million) va boshqalardan tashkil topgan. Tahlilchilarning bahosiga ko‘ra, qo‘yilmalar yiliga 5-7,5 foiz daromad keltiradi.

Qirolicha, shuningdek, 1760 yilda monarxiya uchun taqdim etilgan ko‘chmas mulk va boshqa aktivlarni nazorat qiluvchi Crown Estate tashkilotida ham o‘z ulushiga ega. Qonunga binoan, Yelizaveta mazkur kompaniya investitsiyalarining 15 foiziga egalik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 sentabr tunida Britaniya qirolichasi Yelizaveta Ikkinchi mamlakat tarixida qirollikni eng ko‘p vaqt boshqargan yetakchiga aylanadi. U hukumat tepasida 63 yil, yetti oy va ikki kun turgan o‘zining katta buvisi qirolicha Viktoriya rekordini yangiladi.

Qirolicha Yelizaveta II (Queen Elizabeth II) 1926 yilning 21 aprelida Londonda gersog va gersoginya Yorklar oilasida dunyoga kelgan.

1953 yilning 2 iyun kuni Londonning Vestminster abbatligida Yelizavetaga toj kiydirish rasmiy marosimi bo‘lib o‘tgan.

Top