09:48 / 10.09.2015
4115

Namangan shahridagi bozorlarda terminalsiz do‘konlar faoliyat yuritayotgani aniqlandi

Bugungi kunda to‘lov terminallarini qo‘llash, ular yordamida xaridor va mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatishning qonuniy tartiblari amaliyotga joriy etilgan. Jumladan, savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarini to‘lov terminallari bilan jihozlash va aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda ularni qo‘llash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Davlat soliq qo‘mitasining 2009 yil 27 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan «To‘lov terminallari bilan jihozlash va aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda ularni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi» Nizom asosida belgilanadi.

Olib borilgan jurnalistik tekshiruvlar natijasida Namangan shahridagi «Sardoba», «Chorsu», «Yashil», «Jahon», «Do‘stlik», «G‘irvon buyum» bozorlarida quyidagilar aniqlandi:

«Sardoba» bozori MChJdagi 200dan ortiq savdo do‘konlarining 30dan ortig‘ida, «Do‘stlik» bozori MChJdagi 180dan ortiq do‘konning 90ga yaqinida, «Jahon» bozoridagi 210dan ortiq do‘konning 80ga yaqinida, «Ixtisoslashtirilgan qurilish savdo kompleksi» bozoridagi 40ga yaqin do‘konning 10dan ortig‘ida, «Chorsu» dehqon bozoridagi 30dan ortiq do‘konning 10dan ortig‘ida, «G‘irvon» bozoridagi 140dan ortiq do‘konning 50dan ortig‘ida terminallar mavjud emasligi, kassa apparatlari ham qisman bor bo‘lsada muntazam ishlatilmaslik holatlari aniqlandi.

Shuningdek, ushbu bozorlarga qarashli bo‘lgan hududlarda joylashgan avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylarida ham to‘lov terminallari mutlaqo o‘rnatilmagani, haydovchilardan faqat naqd pul asosida olinayotgan to‘lov summalariga ham umuman chek berilmayotganligi kuzatildi.

Kuzatish jarayonida mazkur bozorlarda laboratoriya va maxsus tekshiruvlardan o‘tmagan qo‘lbola ichimlik: mors, ayron, o‘rik sharbati, turli ranglar qo‘shilgan gazli suv (ayniqsa, voyaga yetmagan bolalar tomonidan ham), yozning jazirama kunlari bo‘lishiga qaramay tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlari (go‘sht do‘konlarida ham) muzlatkichdan tashqarida sotilayotgan holatlar ham mavjudligi aniqlandi.

"Telegraf.uz" nashrining yozishicha, «Chorsu» va «Sardoba» bozorlariga kiraverishdagi asosiy darvozalar oldiga qoidalarga zid ravishda haydovchilar tomonidan avtotransport vositalarini pala-partish qo‘yib ketilgani xaridorlarning erkin harakatlanishiga jiddiy xalaqit bermoqda.

Top