10:12 / 10.09.2015
3470

"PROlogue" – qisqa metrajli filmlar Respublika festivali uchun arizalar qabul qilish boshlandi

«PROlogue» – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar Respublika festivali Vatan, ona tabiat, go‘zallik, insoniylik, bag‘rikenglik, bunyodkorlik, sevgi, mehr va muhabbat kabi mavzularda qisqa metrajli filmlar yaratish, bu yo‘nalishda ijod qilayotgan yosh iste'dodlarni izlab topish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkaziladi.

«O‘zbekkino» Milliy agentligining axborot xizmati ma'lum qilishicha, festivalda 35 yoshgacha bo‘lgan professional va havaskor kinoijodkorlar – O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan suratga olingan, umumiy vaqti 40 daqiqadan oshmaydigan va so‘nggi ikki yil mobaynida suratga olingan qisqa metrajli badiiy filmlari bilan ishtirok etishlari mumkin. Festivalda qatnashish uchun arizalarni 15 oktabrga qadar topshirish zarur, arizalar 31 oktabrga qadar saralab olinadi, 16-20 noyabr kunlari esa asosiy ko‘rik dasturiga kirgan filmlar namoyishlari o‘tkaziladi, 21 noyabr kuni Festival g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Festivalda ikki yo‘nalish bo‘yicha asosiy sovrinlar topshiriladi. Jumladan, birinchi yo‘nalish bo‘yicha «Eng yaxshi qisqa metrajli badiiy film» uchun bosh sovrin, «Eng yaxshi ssenariy», «Eng yaxshi rejissyorlik ishi», «Eng yaxshi operatorlik ishi», ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha esa «Bolalar mavzusidagi eng yaxshi qisqa metrajli badiiy film», «Bolalar mavzusidagi eng yaxshi ssenariy» «Bolalar mavzusidagi eng yaxshi rejissyorlik ishi», «Bolalar mavzusidagi eng yaxshi operatorlik ishi» g‘oliblar aniqlanadi.

Festivalda ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlar «O‘zbekkino» Milliy agentligiga topshiriladi:

ariza (1-ilova);
asar(lar) DVD yoki AVI formatda topshiriladi;

saralashdan so‘ng: pasport nusxasi (yashash manzili bilan), asar muallifi haqida ma'lumotnoma (2-ilova), ikki dona fotosurat, muallif lozim topgan reklama materiallari va boshqa ma'lumotlar; yuridik shaxslar uchun: korxona Guvohnomasi.

Top