15:11 / 10.09.2015
6554

Qodirov Saxalin sudining Qur'on suralarini ekstremistik deb tan olish haqidagi qaroriga apellyatsiya berdi

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov Janubiy Saxalin sudining Qur'onning ayrim suralarini ekstremistik material deb tan olish haqidagi qaroriga apellyatsiya berdi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqlar orqali ma'lum qildi.

“Javob ommaga ma'lum bo‘lishini istamagan edingizmi? Yo‘q, ertaga bu haqda butun dunyo biladi. Bosh prokuraturaning “huquqiy masalalarni faqat huquqiy maydonda” hal qilish haqidagi maslahati juda g‘alatidir, chunki sudning Qur'on haqidagi qarori huquqiy emas. Men, qonunda ko‘zda tutilganidek, apellyatsiyaga berdim”, - deb yozdi Qodirov o‘z sahifasida.
Ilgariroq u bosh prokuraturaning tanqidiga javob bergan edi. Ma'lumki, Qodirov ushbu sud jarayonida qabul qilingan qarorga aloqador sudyalar va prokurorlarni “shaytonlar va provokatorlar” deb atagan edi. Bu, o‘z navbatida, bosh prokuraturaning e'tirozlariga sabab bo‘ldi.

“Men Qur'onni “ekstremistik” deb tan olish haqidagi qarorni qabul qilgan sudya va prokurorni shaytonlar va provokatorlar deb atadim. Hujjat ularning professional faoliyatiga hech qanaqasiga aloqador emas. Ular Rossiya qonunlari va manfaatlarini himoya qilish o‘rniga ahmoqona qarorlari bilan xavfsizlik va barqarorlik asoslariga bolta urmoqda”, - ta'kidladi Checheniston yetakchisi.

Top