18:32 / 10.09.2015
2941

Samarqand va Buxoro shaharlari o‘rtasidagi temir yo‘l tezyurar poyezdlar uchun mo‘ljallangan yangi relslar bilan jihozlanadi

Novokuznetskning «YeVRAZ» kompaniyasi O‘zbekistonga 25 metr uzunlikdagi relslar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda «Novosti Uzbekistana» nashri xabar tarqatdi.

Manbaning yozishicha, O‘zbekistonga yetkazib beriladigan relslar mamlakatning yirik shaharlari — Samarqand va Buxoro o‘rtasidagi yuqori tezlikdagi harakat uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. O‘zbekistondagi issiq iqlimni hisobga olganda, ushbu relslar qator xususiyat va afzalliklarga ega.

Kompaniya rahbarlaridan birining ta'kidlashicha, relslardan juda yuqori havo haroratida ham foydalanish mumkin. Ularning to‘g‘ri shaklda ekanligi va ishlab chiqarilish sifati poyezdga tezlikni soatiga 200 kilometrgacha oshirish imkonini beradi.

O‘zbekiston «YeVRAZ»ning MDHdagi asosiy hamkorlaridan biri sanaladi. Kompaniya nafaqat poyezd uchun, balki metropoliten uchun ham relslarini taqdim etib kelgan. Yil boshidan buyon Toshkent metropoliteni uchun 960 tonna og‘irlikdagi yangi relslar olib kelingan.

«YeVRAZ» metallurgiya va xom ashyo qazib chiqaruvchi xalqaro kompaniya bo‘lib, Rossiya, Ukraina, AQSh, Kanada, Chexiya, Italiya, Qozog‘iston va JAR aktivlarini o‘z ichiga oladi.

Top