09:45 / 10.09.2015
3557

Samarqandlik o‘rtoqlar Toshkentga ketish yo‘lida yuk mashinasidan 400 ming so‘mlik yoqilg‘i o‘g‘irlaganlari uchun qamalib ketishdi

Bir guruh samarqandlik yigitlar poytaxtga ketishda yuk mashinasidan yoqilg‘i o‘g‘irlaganlari bois turli muddatga javobgarlikka tortildi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.

Narpay tumanida istiqomat qiluvchi Sherzod Hasanov, Rahimjon Karimov, Doston Mustafoyev ismli do‘stlar dam olish uchun poytaxtga yo‘l olishgan. Yo‘lkira va dam olish haqqini chiqarish uchun esa ular yo‘lda yuk mashinalaridan yoqilg‘i o‘g‘irlashga kelishib olishgan. Kirakash Nurali Xo‘jayorov ham ularning rejalariga qo‘shilgan.
Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida ular to‘xtab turgan mashinani uchratishgan. Haydovchi Abdumutal Yo‘ldoshev g‘ildirak yorilib ketgani bois mashina chekkaga qo‘yib, yordam kelishini kutib uyquga ketgan edi.

Yigitlar uning mashinasi atrofida o‘ralashib yurganini eshitib uyg‘onib ketgan haydovchi ularga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘ldi, ammo uning boshiga temir bo‘lagi bilan urib, xushidan ketkizib qo‘yishdi.
Yigitlar o‘g‘irlangan yoqilg‘ini yo‘lda yuk mashinalaridan birining haydovchisiga 400 ming so‘mga sotib, Samarqandga qaytib kelishdi. Jabrlanuvchi Abdumutal Yo‘ldoshev esa ularning ustidan arz qilib, jinoyatchilarning tezda qo‘lga tushishiga erishdi.

Sud qarori bilan Sherzod Hasanov 5 yilga, Rahimjon Karimov 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Doston Mustafoyev va Nurali Xo‘jayorovlar 3 yildan axloq tuzatish ishlariga jalb etildi. Shuningdek, jinoyat ishida ashyoviy dalil bo‘lgan Nexia avtomashinasi davlat egaligiga o‘tkazildi.

Top