08:42 / 11.09.2015
4033

Ramzon Qodirov Yatsenyukning Checheniston urushida qatnashganidan bexabarligini aytdi

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyukning 1990-yillarda Chechenistondagi urushda qatnashganidan bexabarligini aytdi. Bu haqda “Interfaks” axborot agentligi ma'lum qildi.

“Men Yatsenyukni jangchi deb hisoblamayman, u urushga balki qodirdir, lekin men uni erkak hisoblamayman. U haqiqiy “olimtoy”. Agar u jangchi bo‘lsa va qayerdadir jang qilgan bo‘lsa, unda men bu borada hech narsa tushunmas ekanman”, deb ta'kidlab o‘tdi Qodirov.

Checheniston rahbari Yatsenyuk bilan hech qachon uchrashmaganini va uning urush vaqtida Chechenistonda bo‘lgani haqida ma'lumotga ega emasligini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Rossiya Tergov qo‘mitasi boshlig‘i Aleksandr Bastrikin Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk 1990-yillar o‘rtalarida Rossiya qurolli kuchlariga qarshi Chechenistondagi urushda jazolash otryadi tarkibida jang qilgani haqida ma'lumotlarga ega ekanligini aytgan edi.

Yatsenyukning o‘zi bu ma'lumotni “klinik tashxis” deb atadi.

Top