16:05 / 12.09.2015
4488

«Navoiyazot» o‘z binosidagi favqulodda holat tufayli odamlar halok bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Navoiy viloyati hokimligining «Do‘stlik bayrog‘i» gazetasi «Navoiyazot» AJning 1-sexida yuz bergan favqulodda holat tufayli odamlar halok bo‘lgani haqidagi axborotlarni rad etib chiqdi. Gazetaning 11 sentabr sonida ushbu holat yuzasidan aniq axborot berildi.

Nashrning yozishicha, 2 sentabr kuni ertalab soat 8:50da «Navoiyazot» AJning 1-sexida favqulodda holat sodir bo‘lgan. Buning natijasida 11 kishi yengil tan jarohati olgan. Bu holatdan jabrlanganlar korxona hududidagi shifoxonaga yetkazilib, ularga kerakli tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan. Jarohatlanganlarning 7 nafari shifoxonada yotib davolanishni rad etishgan, 1 nafariga esa keyingi kun javob berilgan.

Qayd etilishicha, korxona ma'muriyati va barcha xodimlarning tezkor va uyushqoqlik bilan olib borgan harakatlari natijasida hodisa oqibatlari bartaraf etilib, 4 sentabr kunidanoq sexning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari avvalgi darajaga ko‘tarildi. O‘z navbatida, «Do‘stlik bayrog‘i» gazetasi «ayrim shubhali elektron ommaviy axborot vositalarining ushbu holat yuzasidan yoritgan xabarlari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi» haqida yozmoqda.

«Ularning sahifalarida kimyo zavodi rahbariyati jabrlanganlar va «qurbon bo‘lgan»lar haqidagi ma'lumotlar hamda voqea sabablarini sir tutishayapti, degan bo‘hton gaplar urchib ketdi. Internetda berilayotgan ma'lumotlar atayin «shov-shuv» ko‘tarish uchun o‘ylab topilgan, bo‘rttirilgan. Ushbu xatti-harakatlar saytlarning ommabopligini oshirish maqsadida, go‘yoki yirik kimyo ishlab chiqarish korxonasida yuz bergan «portlash» atrofida «pashshadan fil yasash»dan o‘zga narsa emasdir», — deyilaadi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, hozirgi vaqtda bo‘lib o‘tgan voqeani tekshirish uchun maxsus komissiya tuzilib, voqea sabablarini o‘rganish ustida ish olib borilmoqda.

Top