19:51 / 12.09.2015
5884

Samarqandlik yosh olim buzoqlarda uchraydigan kasallikni davolovchi preparat kashf qildi

Yosh olim Sobir Eshbo‘riyev bo‘g‘oz sigirlarda mikroelementli vitaminlar yetishmasligining oldini olishga mo‘ljallangan «Mikrovit» va buzoqlar dispepsiyasi kasalligini davolovchi «Elektrolitli – degidratsion eritma (EDE)» preparatlarini yaratdi.

Uning aytishicha, bugun bizga chetdan keltirilayotgan naslli chorva mollarining tannarxi qimmat. Ularni yetishtiruvchi mamlakatlarda boqish texnologiyasi ancha rivojlangan, bizda esa bu borada ayrim kamchiliklar bor. Masalan, xorijda turli vitaminlar bilan boyitilgan maxsus ozuqalar ishlab chiqarish texnologiyasi mavjud. Bizning hozircha bu boradagi tajribamiz ko‘ngildagidek emas. Shuning uchun naslli mollarning sharoitimizga moslashishi biroz qiyin kechyapti. Qoramolchilik fermer xo‘jaliklarida shu turdagi bo‘g‘oz sigirlar orasida mahsuldorlik kamaymoqda. Nimjon va kelgusida podani to‘ldirish uchun yaroqsiz buzoqlarning tug‘ilishi iqtisodiy zarar keltirmoqda.

Xullas, bunday muammolarning oldini olish maqsadida tadqiqotchilar «Mikrovit» dori vositasini tayyorlashdi. Ushbu dori bo‘g‘oz sigirlarda vitaminlar yetishmovchiligi osteodistrofiya, gipokuproz, gipokobaltoz, marganets mis, kobalt marganets, rux, yod yetishmovchiligi kabi mikroelementozlarning oldini olish uchun ma'lum muddat yemga aralashtirib beriladi. Natijada sigirlarda sut mahsuldorligi 28-30 foizga oshadi, ulardan sog‘lom, yashovchanligi yuqori, turli kasalliklarga chidamli buzoqlar olinadi. «Mikrovit» dori vositasining yana bir foydali xususiyati shundaki, sigirlarda bepushtlikning oldini oladi, «kuyga kelish» vaqtini qisqartiradi. Ishning iqtisodiy samaradorligi bir bosh sigir hisobiga 447970 so‘mni, sarflangan 1 so‘m xarajat qoplami esa 10,57 so‘mni tashkil etadi.

Elektrolitli-degidratatsion eritma (EDE) – dispepsiya va boshqa organizmning suvsizlanishi va intoksikatsiyasi, qon aylanishi, to‘qimalarning oziqlanishi, modda almashinuvi jarayonlari, suv-elektrolit almashinuvi hamda kislota-ishqor muvozanatining buzilishi bilan kechadigan kasalliklarni davolashda foydali. Profilaktikaning bu usuli naslli chorva mollarini ko‘paytirish, ulardan sog‘lom buzoqlar olishda ishonchli vosita ekanligini isbotlaydi.

Bu mikroelementli-vitaminli aralashmalar xom ashyosi o‘zimizda tayyorlanadi.

Top