08:00 / 12.09.2015
3622

Xalqaro koinot stansiyasining uch fazogiri Qozog‘iston dashtiga muvaffaqiyatli qo‘ndi

Ichida Xalqaro koinot stansiyasining uch fazogiri bo‘lgan “Soyuz TMA-16M” kemasi kapsulasi Qozog‘iston dashtiga muvaffaqiyatli qo‘ndi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.

Kapsula bortida rossiyalik Gennadiy Padalka, daniyalik Andreas Mogensen va birinchi qozog‘istonlik fazogir Oydin Aimbekov bo‘lgan.

“Qo‘nish amalga oshirildi”, degan yozuv chiqdi Parvozlarni boshqarish markazi ekranida.

“Qutqaruvchilar tushirilgan qurilmaning lyukini ochib, fazogirlarga undan chiqishga yordam bermoqdalar”, deb qo‘shimcha qilgan markaz vakili.

Fazogirlar tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyin Ostonaga Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan koinotda bo‘lib qaytgan birinchi qozog‘istonlik fazogir sharafiga uyushtiriladigan uchrashuvga borishadi.

O‘z navbatida rossiyalik fazogir Gennadiy Padalka koinotda parvoz qilish bo‘yicha rekordchiga aylandi: u 5 yillik parvozlar davomida koinotda 878 kun bo‘ldi.

XKSda qolgan amerikalik fazogir Skott Kelli hamkasblarini muvaffaqiyatli qo‘nish bilan tabrikladi.
“Soyuz”ning yorqin izi uyga yo‘lni yoritadi. Yerga xush kelibsiz, yigitlar” deb yozdi Kelli tvitterda.

Top