10:50 / 13.09.2015
3919

Britaniya Kengashi rahbari Toshkentda hamkorlik rejalarini muhokama qildi

7-8 sentabr kunlari Toshkentga Britaniya Kengashi raisi Ser Vernon Jyeym Ellis ilk marta rasmiy tashrif buyurdi. U bir qancha vazirliklar rahbarlari, shuningdek, Britaniya Kengashi loyihalari ishtirokchilari va hamkorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi direktori Mark Krossi uning safari yakunlari to‘g‘risida «Gazeta.uz»ga so‘zlab berdi.

«Cer Vernon Ellisning ikki kunlik safari ta'lim va madaniyat sohasidagi ikki tomonlama munosabatlar uchun muhim voqeadir. Bu 2010 yildan beri Britaniya Kengashi raisi bo‘lib faoliyat ko‘rsatayotgan Ser Vernonning O‘zbekistonga ilk safaridir. Safarning maqsadi Britaniya Kengashi faoliyatining O‘zbekistondagi kelgusi 20 yillik rejalarini aniqlab olish, shuningdek, bo‘lg‘usi hamkorlikni mustahkamlash uchun bir qancha vazirlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish edi», — deya ta'kidladi Mark Krossi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ser Vernonga Toshkent yoqib qoldi. U Amaliy san'at muzeyida O‘zbekistonning amaliy san'ati va an'anaviy musiqasidan mutaassir bo‘ldi. Britaniya Kengashi rahbari Rahimovlar sulolasining Toshkent kulolchilik maktabida sopol idish tayyorlash jarayonida ishtirok etdi.

«Janob Vernon vazirliklar rahbariyati bilan Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasida oliy va o‘rta maxsus ta'lim sohasida hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida kelishib oldi. Yana Britaniya kengashining O‘zbekistonda san'at sohasidagi yangi dasturi hamda ingliz tilini o‘qitish borasida hamkorlik dasturlarini ko‘paytirish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi», — dedi Mark Krossi.

Ser Vernon safari to‘g‘risida quyidagi fikrni bildirdi: «O‘zbekistondagi hamkorlik munosabatlarimiz juda yaxshi natija bermoqda, va biz ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha yangi loyihalarni sabrsizlik bilan kutyapmiz. Ushbu til Buyuk Britaniyaning ulkan boyligidir va u O‘zbekiston Prezidentining 2012 yilda imzolagan chet tillarni o‘rganish to‘g‘risidagi farmonidan so‘ng O‘zbekistonning ustuvor ehtiyojlaridan biriga aylandi. Britaniya Kengashi ushbu sohada asosiy hamkor hisoblanishi tabiiy holdir».

Britaniya kengashi Buyuk Britaniya bilan boshqa mamlakatlar o‘rtasida ta'lim, madaniyat va san'at sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotdir. U dunyoning 110 ta mamlakatida ofislarga ega. Britaniya Kengashi O‘zbekistonda 1996 yildan beri faoliyat yuritib keladi. Tashkilot loyihalari ta'lim sohasidagi milliy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ingliz tilini professional rivojlantirish va ushbu til ko‘nikmalarini takomillashtirishga qaratilgan.

Top