15:36 / 14.09.2015
13480

2020 yilgacha O‘zbekistonda paxta xomashyosini qayta ishlash hajmi 1,4 mln tonnagacha oshiriladi

2015-2020 yillarda «O‘zpaxtasanoat» uyushmasining ellikta paxta zavodida rekonstruksiya ishlari olib boriladi. Bu paxta xomashyosini qayta ishlash hajmining 1,4 million tonnagacha ortishiga xizmat qiladi. Joriy yilda tasdiqlangan investitsiya dasturi doirasida Mang‘it, Muzrabot, Bog‘ot paxta tozalash zavodlaridagi eskirgan texnologiyalar zamonaviylariga almashtiriladi. Bu haqda UzA nashri xabar bergan.

"Xitoyning “Sinokot” kompaniyasi bilan hamkorlikda gidropress uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi zamonaviy korxona ishga tushirildi. “Sinokot Toshkent Kotton Ekvipment” qo‘shma korxonasida tola va lint mahsulotlarini presslash uskunalari ishlab chiqariladi. Ilgari bu uskunalar xorijdan olib kelinar edi", – deydi “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi investitsion loyihalarni jalb etish va amalga oshirish bo‘limi boshlig‘i Rinat Gulyayev

Kelajakda qo‘shimcha ravishda yangi turdagi jin va linter texnologik uskunalari hamda soha korxonalari ehtiyoji uchun boshqa turdagi ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan. Korxona to‘liq ishga tushgach yiliga 10 million dollar miqdorida mahsulot ishlab chiqariladi. Eksport ulushi 18 foiz, mahalliylashtirish 38 foizni tashkil etishi va qariyb 150 doimiy ish o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda.

O‘tgan yili “Qiziriqpaxta” aksiyadorlik jamiyatining paxtani tozalash va saralash sexida yangi moslamalar o‘rnatildi. Ishlab chiqarish quvvatini oshiruvchi zamonaviy 5-DP-130 “Jin-paxta”, mahsulot sifatini yaxshilash imkonini beradigan “5-LP” linter agregatlari ko‘paytirildi. Presslash sexida 8-KB uskunasi o‘rnatilgach, toylangan tola polietilen ip bilan bog‘lanadigan bo‘ldi. Bu korxona rentabelligini oshirish, ishlab chiqarish sarf-xarajatlari va mahsulot tannarxini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Tizimda qiyin tozalanadigan seleksiya navlariga mansub paxta xomashyosidan olinayotgan oliy va yaxshi sifatli tola ulushini ko‘paytirish hamda jahon andozalariga mos mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha ham qator yumushlar bajarilmoqda. Misol uchun, paxta tozalash korxonalaridagi issiqlik beruvchi generatorlar zamonaviy, gaz va suyuq yonilg‘ida ishlovchi generatorlarga, unumdorligi past tozalagichlar samaradorligi yuqori bo‘lgan “XK”, “UXK” liniyalariga almashtirildi. Natijada joylarda o‘rtacha bir kunlik ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 35-45 tonnadan 50-55 tonnaga oshdi.

Maxsus urug‘lik chigit tayyorlash sexlarida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, beshta paxta zavodida zamonaviy avtomatlashtirilgan tizim majmualarini yo‘lga qo‘yish tufayli chigit tayyorlash sifati ortib, energiya tejamkorligiga erishilmoqda. Natijada urug‘lik sifati va unuvchanligini yaxshilash, uning har bir gektarga sarflanadigan miqdorini 20-30 foiz qisqartirish hamda urug‘lik fondini yiliga 50-60 ming tonna tejash imkoniyati yaratildi.

Tarmoq korxonalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta'minlash jahon paxta bozorida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirishda qo‘l kelmoqda. Misol uchun, 2013 yilda paxta tolasining sifati 95,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili uning sifati 97,1 foiz bo‘ldi. «Oliy» sinfining umumiy ulushi 14,8 foizga o‘sdi. Urug‘lik borasidagi yutuqlar salmoqli bo‘lmoqda. O‘tgan yili 2013 yilga nisbatan 10,3 foizga o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, joriy yilda bundan-da yuqori ko‘rsatkich kutilmoqda.

Zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash tufayli erishilgan asosiy yutuqlardan biri elektr energiyasining tejalishidir. Bir tonna tola ishlab chiqarishga sarflanadigan solishtirma energiya sarfi o‘rtacha 25-27 foizga kamaydi.

Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (MAR) bilan hamkorlikdagi qiymati 3,8 million dollarlik «Korxonalarning elektrtejamkorligini oshirish» loyihasiga ko‘ra, yettita zavodda mavjud 100 dona ko‘cha fonarini yoritishda qo‘l keluvchi quyosh batareyalariga qo‘shimcha yana 1200 dona quyosh batareyasi xarid qilinadi. Ular yordamida paxta zavodlarining atrofi yoritiladi. Quyosh batareyalari o‘rnatilishi tufayli har bir zavod yiliga 430 ming kVt elektr energiyasini tejaydi. Loyiha ko‘magida yana energiya tejamkor MR-160C rusumli 200 dona linter mashinasi xarid qilinadi.

Uyushma paxtani qayta ishlash borasidagi qator loyihalarda ham faol ishtirok etmoqda. “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi hamkorligida 2015-2016 yillarda yirik to‘qimachilik korxonalarini ishga tushirish loyihalari borasidagi ishlar davom etmoqda. Qo‘ng‘irot va Chimboy paxta tozalash korxonalari negizida ip-kalava, trikotaj mato va tayyor tikuv mahsulotlarini ishlab chiqarish, G‘uzor va Beshkent paxta tozalash korxonalarining bo‘sh turgan binolarida to‘qimachilik majmualarini tashkil etish kabi loyihalar shular jumlasidandir.

Paxta xomashyosini dastlabki ishlovga tayyorlash, saqlash, qayta ishlash samaradorligini oshirishda «O‘zpaxtasanoat» uyushmasi tizimidagi korxonalar muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda tarmoqda 13 hududiy «Paxtasanoat» aksiyadorlik birlashmasi, yuzga yaqin paxta tozalash zavodi, “Paxtasanoat” ilmiy markazi hamda 34 maxsus urug‘lik chigit tayyorlash sexi faoliyat yuritmoqda. Andijon, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida o‘ntadan, Buxoro viloyatida to‘qqizta, Toshkent, Xorazm va Namangan viloyatlaridagi sakkiztadan zavod shular sirasidandir. 

Top