15:46 / 14.09.2015
2184

Belgiya parlamenti quyi palatasi raisi O‘zbekistonga keldi

2015 yilning 14 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov yurtimizga tashrif buyurgan Belgiya Qirolligi parlamenti Vakillar palatasi raisi Zigfrid Brake bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bergan.

Suhbat davomida O‘zbekiston-Belgiya munosabatlarining hozirgi holati muhokama qilindi va ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Belgiyaning qonunchilik hokimiyatlari darajasidagi delegatsiyalarining muntazam uchrashuvlari aloqalarni siyosiy, savdo-iqtisodiy, gumanitar sohalarda yanada mustahkamlash hamda hamkorlikning shartnoma-huquqiy negizini takommillashtirish imkonini yaratishi ta'kidlandi.

Belgiya Parlamentining quyi palatasi raisining mazkur tashrifi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, O‘zbekiston Hukumati va qator vazirliklar rahbarlari bilan bo‘layotgan muzokaralar ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va unga serqirra tus berishga o‘zaro qiziqish oshayotganini tasdiqlaydi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy muammolarni o‘z ichiga olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Top