07:42 / 14.09.2015
2410

Meyuezer “yangi Floydni” qidirishni boshlashini aytdi

AQShlik mashhur charm qo‘lqop ustasi, beshta vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan Floyd Meyuezer boksdan ketgandan keyin “yangi Floyd Meyuezerni” qidirish bilan mashg‘ul bo‘lishini aytdi. Bokschi bu haqda faoliyatidagi so‘nggi jangdan keyin ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi. 

Meyuezer o‘zining so‘nggi jangida Las-Vegasda hamyurti Andre Bertoga qarshi 12 raund jang qilib, 117:111, 118:110, 120:108 hisobi bilan g‘olib bo‘ldi hamda o‘zining chempionlik kamarlarini himoya qildi.

“Avvalboshdan menda faoliyatim bo‘yicha aniq rejam bo‘lgan. Men hamisha nimani istayotganimni bilganman – oddiy odamlar orasidan ajralib chiqish, o‘zgacha bo‘lishni istaganman. 19 yil bokschilik faoliyatidan 18 yili davomida chempion bo‘lish... Mening faoliyatim havas qilsa arzigudek bo‘ldi. Ringda avvalambor boshni ishlatish kerak. Va men istalgan raqibimdan 10 ta qadam oldinda yuraman. Men uning eng kuchli tomonlarini olib, uning o‘ziga qarshi ishlataman, uni qilishni istamayotgan narsani qilishga majbur qilaman”, deb aytmoqda chempion.

Meyuezer o‘zining sportdan ketayotganini quyidagicha tushuntirdi. “Mening faoliyatim rasman yakunlandi. 49 ta g‘alaba va birorta ham mag‘lubiyat – bu boks tarixida qoladi. Men moliyaviy tomondan ta'minlanganman va sog‘lomman. Yangi Floyd Meyuezerni topishni va kimdir mening rekordlarimdan o‘zib keta olishini ko‘rishni istayman. Rekordlar ulardan o‘zish uchun o‘rnatiladi. Men boksni kuchga to‘la, tezligim va reaksiyamni yo‘qotmagan holda tark etyapman. Men bu sportda barchasiga erishdim, boshqa hech narsani isbotlashimga hojat qolmadi”, deb aytmoqda Floyd.  

Top