16:42 / 15.09.2015
5641

“Donolik va tashabbuskorlik – siyosiy yetakchilik mezoni” mavzusidagi ko‘rik-tanlov g‘oliblari aniqlandi

Toshkentda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan O‘zbekiston mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlab “Donolik va tashabbuskorlik – siyosiy yetakchilik mezoni” mavzusidagi ko‘rik-tanlovning mamlakat bosqichi o‘tkazildi. Bu haqda UzA xabar bergan

Unda partiya markaziy kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a'zolari, “Ayollar qanoti” yetakchilari, san'atkorlar, hunarmandlar, ijodkor yoshlar, partiya faollari ishtirok etdi. 

"O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi “Ayollar qanoti” ham yuksak bilim va tafakkurga ega xotin-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy ongi va madaniyatini yanada oshirishda faol ishtirok etmoqda. “Donolik va tashabbuskorlik – siyosiy yetakchilik mezoni” ko‘rik-tanlovi ana shu yo‘nalishdagi loyihalardan. An'anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur tanlovda hozirga qadar ming nafardan ortiq xotin-qiz o‘z bilim va intellektual salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. Ularning aksariyati bugun davlat va jamoat tashkilotlari, partiya saflarida faoliyat yuritmoqda", deyiladi xabarda.

Tanlovning mamlakat bosqichida 14 nafar ishtirokchi siyosiy-huquqiy bilimini, ijodiy qobiliyat va iste'dodini namoyon etdi.

Tanlovda partiyaning Jizzax viloyati Zarbdor tumani kengashi yetakchi mutaxassisi Umrxol Po‘latova birinchi, Navoiy viloyati Zarafshon shahar kengashi raisi Dilnavoz Nosirova ikkinchi, “Oila va jamiyat” gazetasining Buxoro viloyati bo‘yicha muxbiri Ma'rifat Abduhamidova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘olib va sovrindorlarga diplom va sovg‘alar topshirildi.

Tadbir doirasida tanlov ishtirokchilarining hunarmandlik, zargarlik buyumlari, milliy liboslar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Top