00:48 / 15.09.2015
3804

Dmitriy Peskov: Rossiya tuzumlarni o‘zgartirish bilan shug‘ullanmaydi

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva tuzumlarni o‘zgartirish bilan shug‘ullanmayotgani va Suriya bo‘yicha maxfiy muzokaralar olib bormayotganini ma'lum qildi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bermoqda.

Avvalroq Bloomberg agentligi Rossiya, Saudiya Arabistoni va AQShdagi diplomatik manbalar va Suriya muholifati vakillariga tayangan holda Rossiya bir necha oydan beri Suriya prezidenti Bashar Asadni lavozimidan chetlatish haqida muzokaralar olib borayotganini ma'lum qilgan edi.

“Men yana bir bor eslatib qo‘ymovchiman, Moskva tashqi ishlar vaziri darajasida ham, prezident darajasida ham tuzumlarni o‘zgartirish bilan shug‘ullanmasligini bir necha bor ta'kidlab o‘tgan. Bu shunday tuhmatlarga eng yaxshi javobdir”, deb aytdi Peskov ba'zi OAVlardagi go‘yoki Rossiya tomonidan Suriya bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar haqida paydo bo‘lgan ma'lumotni tasdiqlash yoki inkor etish haqidagi murojaatga javoban.

Peskov, Suriyaning taqdirini bir tomonlama muzokaralar bilan hal qilib bo‘lmasligini ta'kidlab o‘tdi.

“Suriya taqdirini qandaydir bir tomonlama muzokaralar emas, balki Suriya xalqining o‘zi belgilashi kerak”, deb aytdi Peskov.

Top