19:49 / 16.09.2015
4380

Braziliya terma jamoasining mashhur muxlisi Klovis Akosta olamdan o‘tdi

Bugun, 16 sentabr kuni Braziliya terma jamoasining eng mashhur muxlisi, jamoani 7ta mundial davomida qo‘llab-quvvatlash uchun turli mamlakatlarga sayohat qilgan Klovis Akosta Fernandesh 60 yoshida olamdan o‘tdi.

U o‘zining so‘nggi kunlarini Braziliyaning Portu-Alegri shahrida o‘tkazdi. Klovis Akosta oxirgi 9 yil mobaynida og‘ir onkologik xastalikdan aziyat chekkandi.

«Gaucho da Kopa» laqabi bilan mashhur bo‘lgan ushbu muxlis Braziliya terma jamoasining xorijdagi 150dan ortiq o‘yinlarini tribunada turib kuzatish uchun 60dan ortiq mamlakatga safar qilgan.

U 7ta mundialdan tashqari, 6 marta Amerika Kubogi turnirida hamda 4 marta Konfederatsiyalar kubogida ishtirok etgan. Uning hisobida bitta Olimpiada musobaqasiga tashrif ham bor.

Shu tariqa, 2014 yilgi mundial «Gaucho da Kopa»ning hayotidagi so‘nggi mundial bo‘lib qoldi. Ushbu mundialda Braziliya terma jamoasi yarim finalda Germaniya terma jamoasiga qarshi o‘ynagan, bu o‘yin mezbonlarning 1:7 hisobidagi yirik mag‘lubiyati bilan yakunlangan, Akosta esa bu sharmandalikdan keyin yum-yum yig‘lashdan tiyila olmagandi.

Top