11:27 / 16.09.2015
1785

O‘zbekiston va Belgiya parlamentlari vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Belgiya Qirolligi parlamenti Vakillar palatasi raisi Zigfrid Brake boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokara davomida mehmonlarga O‘zbekistonning ikki palatali parlamenti, chunonchi, Qonunchilik palatasi faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berildi. Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” barqaror rivojlanishga xizmat qilayotgani alohida ta'kidlandi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Belgiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ko‘plab sohalar qatori parlamentarizm yo‘nalishida ham izchil rivojlanib borayotgani, ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlashda parlamentlararo hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Delegatsiya a'zolari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va demokratik islohotlar ijobiy baholandi. Shuningdek, ular mamlakatda olib borilayotgan siyosatni, xususan, tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik ta'minlanayotgani, fuqarolarning munosib hayot kechirishlari uchun zarur shart-sharoit yaratilganini alohida ta'kidlashdi.

O‘zbekistonda “Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili asosida olib borilayotgan keng ko‘lamli sa'y-harakatlar, ayniqsa, fuqarolik jamiyatining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi.

Ta'kidlab o‘tilganidek, O‘zbekiston Respublikasining bu boradagi tajribasi Belgiya tomoni uchun dolzarb ahamiyatga ega.

O‘z navbatida, mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi bilan mustahkam aloqalar samarali davom etishi har ikki tomon uchun foydali ekanligini bildirishdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikka doir masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Top