14:57 / 16.09.2015
2392

ShHTga a'zo davlatlar iqtisodiy preferensiyalar zonasini tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar iqtisodiy preferensiyalar zonalarini tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda ShHT Ishbilarmonlar kengashi ijrochi kotibi Sergey Kanavskiy TASS nashriga ma'lum qildi.

“Ayni paytda ShHTning ko‘plab a'zo-davlatlarida erkin iqtisodiy hududlar rivojlanmoqda. Rossiyada bunday maskanlar Ildam taraqqiyot hududlari, Qozog‘istonda Erkin iqtisodiy zona, Xitoyda Erkin savdo zonasi, O‘zbekiston va Tojikistonda ham o‘zlarining atamalari bilan nomlanadi. Biz bularning barchasini ShHT Ishbilarmonlar kengashi doirasida Iqtisodiy preferensiyalar zonasi atamasi bilan birlashtirmoqchimiz”, – dedi ijrochi kotib.

“G‘oya umumiy hamkorlik tizimini shakllantirish uchun mazkur zonalar doirasida ishlab chiqarishlar o‘rtasidagi tutashuv nuqtalarini topishni ham o‘z ichiga oladi. Bu sanoat majmualari va transport-logistika zonalari hamkorligidir. Biroq aynan iqtisodiy preferensiyalar zonasini tashkil etishgi hozircha vaqt bor. Bundan avval ShHT doirasida erkin hududlar hamkorligi imkoniyatlarini tushunib yetish lozim”, – dedi Sergey Kanavskiy.

Bu haqda Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan ShHTga a'zo mamlakatlarning iqtisod va savdo vazirlari uchrashuvida so‘z borgan.

Izoh: preferensiya — davlat tomonidan ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlarga ular faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida turli imtiyoz va afzalliklar berilishi.

Top