09:47 / 16.09.2015
3107

Tayvan avtomobilsozlik kompaniyasi yevropaliklarga “Tesla”ning raqobatchisini namoyish qilishdi

Tayvanning Thunder Power kompaniyasi Frankfurt avtosalonida Tesla Model S modeliga raqobat qilishi mumkin bo‘lgan elektr sedanni ilk bor namoyish qildi.

Nomi hozircha aytilmayotgan to‘rt eshikli avtomobilning og‘irligi 2 ming kilogrammga yaqinni tashkil qildi. Sedan 308 va 428 ot kuchiga ega bo‘lgan ikkita elektr motorga ega variantlarda ishlab chiqariladi. Modelning quvvaltiroq varianti soatiga 100 km tezlikka 5 soniyada erishadi, maksimal tezligi esa elektronika yordamida soatiga 250 km tezlik bilan chegaralanadi.

Uning ikkila modifikatsiyasi 125 kilovatt-soat hajmli akkumulyator bloki bilan jihozlanadi. Batareyalar zaxirasi 650 km yo‘l bosishga yetadi. Kompaniyada ta'kidlanishicha, akkumulyatorlarni yarim soat ichida to‘ldirib, 300 km yo‘l bosib o‘tish mumkin.

Modelning standart jihozlanishiga ABS, barqarorlashtirish tizimi, “o‘lik” hududlarni nazorat qilish va harakatlanishning qatorlanishini kuzatish funksiyalari kiritilgan.

Thunder Power stendida, shuningdek, sedanning sport versiyasi – Race ham mavjud bo‘lib, u haqda hozircha hech qanday ma'lumot yo‘q.

Thunder Power kompaniyasining avtomobillari asosan Xitoyda ishlab chiqariladi. Shu bilan birga tayvanliklar bu mashinani Yevropada ham ishlab chiqarishni rejalashtirishmoqda. Mashinalar 2017 yildan boshlab sotuvga chiqariladi.

Top