09:03 / 17.09.2015
3569

Donald Tramp: Putin bilan Suriya va Ukraina borasida kelisha olgan bo‘lardim

Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga o‘z nomzodini ilgari surgan milliarder Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Suriya va Ukraina masalasida kelisha olgan bo‘lardim, deya ishonch bildirdi. Bu haqda amerikalik siyosatchi CNN Amerika telekompaniyasi tashkil etgan teledebatlarning ikkinchi raundida ma'lum qildi.

“Agar men bo‘lganimda, ular bilan umumiy til topisha olardim, – dedi Tramp. – Bizda Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan hozirgi vaqtda mavjud muammolar bo‘lmas edi”. U Xitoy va Meksika yetakchilari bilan ham kelisha olishiga ishonch bildirgan.

Kaliforniya shtati Simi-Veli shahridagi Ronald Reygen prezident kutubxonasida bo‘lib o‘tayotgan teledebatlarda Respublikachilar partiyasidan nomzodi ilgari surilgan 11 nafar kandidat: milliarder Donald Tramp, afroamerikalik neyrojarroh Ben Karson, Florida sobiq gubernatori Jyeb Bush, Texas shtatidan senator Ted Kruz, Viskonsin shtati gubernatori Skott Uoker, senatorlar Rend Pol va Marko Rubio, Nyu-Jyersi shtati gubernatori Kris Kristi, Arkanzas sobiq gubernatori Mayk Xakabi, Ogayo gubernatori Jon Keysik va Hewlett-Packard kompaniyasi sobiq rahbari Karli Fiorina ishtirok etmoqda.

“Men Amerikani uning tashqarisida ham hurmat qiladigan darajaga yetkazaman. Chunki hozirda dunyoda bizni hurmat qilishmaydi”, – dedi Tramp.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda AQSh prezidentligi uchun 20 nafardan ziyod nomzod kurash olib bormoqda. So‘nggi so‘rovnomalar natijasiga ko‘ra, Respublikachilar partiyadan Tramp eng katta obro‘ga ega bo‘lsa, Demokratlar partiyasi nomzodlari ichida sobiq davlat kotibi Hillari Klinton yetakchilik qilmoqda.

Top