15:51 / 17.09.2015
3474

O‘zbekistonda Best Soft Challenge 2015 tanlovi g‘oliblari e'lon qilindi

Toshkent shahrida Best Soft Challenge 2015 respublika dasturiy ta'minotlar tanlovi finalchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Taqdirlash marosimi 16 sentabr kuni ICTWEEK Uzbekistan 2015 haftaligini o‘tkazish doirasida Aloqa tarixi muzeyida bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tanlov Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Xalq ta'limi vazirliklari, “Kamolot” YoIH, “BePro — dasturchilar markazi” MChJ, Toshkent shahridagi Inza universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va “Samsung Electronics” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tanlov uch bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqich (2015 yil 14 maydan 20 avgustgacha)da ishtirokchilar — 25 yoshgacha bo‘lgan dasturchilarni ro‘yxatga olish ishlari olib borildi. Tanlovda ishtirok etish uchun 200 dan ziyod talabnoma kelib tushgan. Ikkinchi bosqichda esa (2015 yil 20 avgustdan 3 sentabrgacha) respublika finalida ishtirok etishga munosib deb topilgan loyihalar saralandi. Nihoyat, uchinchi bosqichda (2015 yilning 7 sentabridan 11 sentabrigacha) uch nominatsiyada g‘oliblar saralab olindi.

Unga ko‘ra:
“Elektron kommersiyadagi eng yaxshi mahsulot” (personal kompyuter, mobil telefon hamda veb-ishlanma mahsuloti) nominatsiyasida — Qosimov Farhod va Patsulevich Yuliya. Ular original uch o‘lchamli muhitda cho‘kish effekti bilan 3D-videoroliklar tomoshasi uchun ilovani taqdim etishdi;

“Ta'lim sohasidagi eng yaxshi loyiha” (personal kompyuter, mobil telefon hamda veb-ishlanma mahsuloti) nominatsiyasida — Davronbekov Otabek matematika bo‘yicha bilimlarni egallash va ularni sinash uchun ishlab chiqilgan “MaTH EquationS” tizimi uchun g‘olib deb topildi;

«Kompyuter, brauzer hamda mobil o‘yin ishlanmasi» nominatsiyasida — Sultonov Shohjahon “Varrakchi bolakay” milliy o‘yinini ishlab chiqib eng yuqori natijaga loyiq deb topildi.

Har bir nominatsiya g‘olibiga 10 mln so‘m pul mukofoti taqdim etildi.

Top