09:20 / 17.09.2015
6902

Xitoyda ulkan yer osti okeani topildi

Tarim botig‘ida tadqiqot olib borayotgan olimlar yer ostida nihoyatda ulkan suv zaxiralari mavjud ekanini aniqlashdi.
Xitoy g‘arbida joylashgan Tarim botig‘ida Xitoy akademiyasi olimlari ish olib borayotgan edi.

Mazkur hududda dunyodagi eng ulkan qumli sahrolaridan biri — Takla-Makon joylashgan. Dastavval olimlar nima sababdan ushbu qup-quruq makonda katta miqdordagi karbonat kislotasi gazi yutilishini aniqlamoqchi bo‘lishdi, deya xabar bermoqda Naked Science.

Mazkur hodisa odatda o‘rmon yoki dengiz bor joylarda kuzatilar edi. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, sahro o‘z ostida ulkan okeanni yashirib kelayotgan ekan. Ta'kidlanishicha, uning suv zaxirasi Amerikadagi barcha buyuk ko‘llarning birgalikdagi bisotidan o‘n barobar ko‘proq.

Hozircha olimlar yer ostidagi suvning aniq miqdorini aytishgani yo‘q. Biroq bir narsa aniq: uning suvini nihoyatda sho‘rligi sabab ichib bo‘lmaydi. Boshqa tomondan, yer osti okeani resurslaridan Xitoy qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun foydalansa bo‘lishi aytilmoqda. O‘z navbatida, yangi topilma olimlarni cho‘llar va ularda sodir bo‘ladigan jarayonlar haqidagi qarashlarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Uglerodlarni faol o‘ziga yutuvchi yana bir cho‘l — Moxave AQShda joylashgan. Demak, u ham o‘z bag‘rida katta suv zaxirasini yashirib yotgan bo‘lishi mumkin. Olimlar esa sahrolar ham insonlarni atmosferaga chiqariluvchi zararli gazlardan okeanlar va o‘rmonlar kabi saqlashi haqidagi g‘oyani ilgari surmoqda.

Top