16:03 / 18.09.2015
2885

2015 yilning birinchi yarmida talabalarga 35,7 mlrd so‘m ta'lim kreditlari ajratildi

Markaziy bank tomonidan ta'lim kreditlarining maqsad va vazifalari, ulardan foydalanish tartiblari to‘g‘risida axborot berildi.

2015 yilning 6 oyi davomida respublika bo‘yicha jami 11 ming 106 nafar talabaga ajratilgan ta'lim kreditlari hajmi 35,7 mlrd. so‘mni tashkil etdi, deyiladi bank tomonidan berilgan axborotda.

Ta'lim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy ta'lim muassasalarining kunduzgi bo‘limlariga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan talabalarning o‘zlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga, qarz oluvchi yashaydigan aholi punktida joylashgan tijorat banklari muassasalarida rasmiylashtiriladi.

Kreditlar oliy ta'lim muassasalarida o‘qish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga o‘qishga qabul qilingan talabalarga 10 yilgacha, magistraturaga o‘qishga qabul qilingan talabalarga esa 5 yilgacha bo‘lgan muddatga ajratiladi.

Ta'lim kreditlari chin yetimlarga, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga foizsiz stavkada; talabalarning qolgan toifalariga respublika Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan o‘zgaruvchan foiz stavkasida (hozirgi paytda 9 foiz) ajratiladi.

Kam ta'minlangan oilalardan bo‘lgan talabalar uchun kredit bo‘yicha qo‘shilgan foizlarning 50 foizi tuman Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan Ish bilan ta'minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan to‘lanadi.

Ta'lim kreditlari uchun foizlarni hisoblash va to‘lash ta'lim muassasasiga o‘tkazilgan summa berilgan vaqtdan uch oy o‘tgandan so‘ng boshlanadi.

Ta'lim kreditini olish uchun qarz oluvchi tijorat bankiga ariza va unga talaba va oliy ta'lim muassasasi o‘rtasidagi to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt), yashash joyidan ma'lumotnoma, shuningdek, kreditni qaytarish ta'minoti to‘g‘risidagi hujjatlarni taqdim etadi. Kontraktda o‘qishning belgilangan muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Keyingi yillarda o‘qish uchun to‘lov miqdori o‘zgarsa qarz oluvchi, bank va oliy ta'lim muassasasi o‘rtasidagi kredit shartnomasiga zarur o‘zgartirishlar kiritiladi.

Ariza va unga ilova qilingan to‘la hujjatlar to‘plami 10 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.

Top