12:01 / 18.09.2015
7178

Qalandar Abdurahmonovga Rossiya davlat mukofoti topshirildi

2015 yil 17 sentabr kuni Rossiya Federatsiyasining Toshkentdagi elchixonasi va Rossiya hamkorlik agentligining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasida G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali direktori Qalandar Abdurahmonovni Rossiya Federatsiyasining davlat mukofoti — Do‘stlik ordeni bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Marosimda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidgi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev Qalandar Abdurahmonovga Rossiya Federatsiyasi bilan do‘stlik va hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi, savdo-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishidagi xizmatlari uchun Do‘stlik ordenini taqdim etib, uni oliy mukofot bilan qutladi.

Iqtisod fanlari doktori, professor Qalandar Abdurahmonov “Mehnat iqtisodiyoti” yo‘nalishida ilmiy maktab yaratgan yetakchi iqtisodchi olim hisoblanadi. Ushbu yirik maktabda professor Q.X. Abdurahmonov 12 nafar fan doktori, 18 nafar fan nomzodiga ilmiy rahbarlik qilgan.

Professor Q.X. Abdurahmonov hozirgi kunda 307 dan ortiq ilmiy ishlar e'lon qilib, shundan 9 tasi darslik va o‘quv qo‘llanma, 2 tasi ilmiy monografiya hamda risolalardir. Ular asosan mehnat bozori va aholini ish bilan ta'minlash, mehnat iqtisodiyoti, mehnatni ilmiy tashkil etish va me'yorlash, O‘zbekistonda mehnat salohiyatidan samarali foydalanish va uni boshqarish, mehnat sotsiologiyasi, personalni boshqarish kabi mehnat iqtisodiyotining boshqa dolzarb muammolariga bag‘ishlangan.

Top