17:27 / 18.09.2015
3796

Quddusdagi al-Aqso masjidida arablarning Isroil politsiyasi bilan to‘qnashuvlari sodir bo‘ldi

Isroil politsiyasining juma namozi oldidan ko‘rgan qattiq chora-tadbirlari Quddusdagi al-Aqso masjidida tartibsizliklarni yuzaga keltirdi. Al Manar telekanalining ma'lum qilishicha, politsiya masjidga faqat 40 yoshdan oshgan musulmonlarni kiritgan.

Bunga javoban yoshlar politsiyaga o‘z noroziligini bildirgan, orada to‘polon va to‘qnashuvlar yuzaga kelgan.
Bob Amud mahallasida norozilik namoyishini tarqatib yuborish uchun ko‘zni yoshlantiruvchi gaz tarqatadigan granatalar ishga solingan.
Ma'lum bo‘lishicha, bugun ertalab masjid atrofida mingga yaqin politsiyachi joylashtirilgan. Eski shahar to‘laligicha to‘sib qo‘yilib, otliq politsiyadan patrul belgilangan.

Bunday choralar ko‘rilishiga sabab bir kun muqaddam sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz voqealar edi. Jumladan, shaharning Siluan mahallasidagi masjid yaqinida arablar politsiya mashinalaridan biriga yonuvchi modda solingan shishalar otgan. Shaharning shimoliy chetida esa yana bir mashinaga hujum uyushtirilgan.
Sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar oqibatida o‘nlab falastinliklar jarohat olgan.

Quddusning bu hududi ikki konfessiya tarafdorlarining asosiy bahs obektidir. Bir tomondan, Ibodatxona tog‘i va uning yaqinidagi Yig‘i devori yahudiylarning muqaddas yerlari hisoblanadi. Boshqa tomondan, unda joylashgan al-Aqso masjidi musulmonlarning bosh ibodatxonasidir.
Yakshanba kuni yahudiy taqvimi bo‘yicha yangi yil nishonlanishi arafasida bu yerda muammo kelib chiqmasligi uchun politsiya musulmonlarni masjid hududidan va atrofidan siqib chiqargan edi.

Shundan buyon shaharda mayda to‘qnashuvlar davom etib kelmoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashi ushbu voqealar yuzasidan o‘z xavotirini bildirib, vaziyatni o‘nglash uchun barcha choralar ko‘rilishi lozimligini ta'kidlab o‘tdi.

Eldor Asanov tayyorladi

Top