17:03 / 18.09.2015
3375

Ravil G‘aynutdin IShID targ‘ibotiga munosabat bildirdi

Moskvada qayta rekonstruksiya qilingan jome masjidining ochilishi arafasida Rossiya Federatsiyasi musulmonlar diniy boshqarmasi rahbari Ravil G‘aynutdin TASS agentligiga intervyu berdi.

Suhbat chog‘ida u jurnalistning Rossiyada musulmonlar uchun yaratilayotgan sharoitlar Yaqin Sharqdan qochqinlarni jalb qilishi mumkin-mumkin emasligi haqidagi savoliga javob berdi.
“Rossiya bu bosqichdan o‘tib bo‘lgan, - ta'kidladi bosh muftiy. – Endi bu narsa YeI hududida kuzatilmoqda. Bizda esa 90 yillardayoq Afg‘onistondan Rossiya qo‘shinlari chiqarilganidan so‘ng 100 ming qochqin bizning mamlakatimizga kirib kelgan edi. Ukrainalik qochqinlar ham bizning hududimizga kelib joylashdi, lekin hech kim buni fojia deb bahlolamagan edi.

Rossiya hammani qabul qildi, YeI ham, AQSh ham, hech kim Rossiyaga yordam bergani yo‘q. Biz Livandan, Falastindan, Iroqdan, Suriyadan qochqinlar qabul qilganmiz. Hatto O‘rta Osiyodan millionlab muhojirlar kelmoqda”.
Bugungi kunda IShID tarkibida 800dan 1.5 mingacha rossiyaliklar borligi aytilmoqda. Bunga munosabat bildirar ekan, G‘aynutdin bunga sabab sifatida musulmonlarni to‘g‘ri yo‘naltirishga mablag‘ yetmayotganligini ko‘rsatdi:

“Musulmonlarga islomning asl mohiyatini yetkazish, Qur'on matnini yetkazish, jihod nimaligini tushuntirish lozim. Bizda esa yetarli mablag‘ yo‘q, imomlarning to‘q hayotini ta'minlab bera olmayotganimiz bois ulardan ayrimlari biznesga ketib qolmoqda. Terrorchilar esa tushuntirish ishlari bilan shug‘ullanadi, ular bu ishga ulkan mablag‘larni yo‘naltiradi, hatto Hollivuddan ssenariynavislar va rejissyorlar taklif qilish imkoniyatlari bor.

Ular terrorchilarga ommaviy qatllarning soxta kadrlarini suratga olishga yordam beradi, bu kadrlar targ‘ibot maqsadlarida qo‘llanadi. Islom haqida ma'lumot olmoqchi bo‘lgan insonlar internetni qidirib birinchi shularning targ‘ibotiga duch keladi. Bizning diniy tashkilotlarimiz esa bugun og‘ir ahvolda”.

Eldor Asanov tayyorladi

Top