10:46 / 19.09.2015
3053

Britan kompaniyasi yaxtalar uchun bir o‘rindiqli superkar yaratdi

Britaniyaning Briggs Automotive Company kompaniyasi yaxtalarda olib yurilishi mumkin bo‘lgan Marine Edition Mono superkarini yaratdi. Bir o‘rindiqli mashina Monakoda sentabr oxirida bo‘lib o‘tadigan yaxtalar shousida namoyish qilinadi, deb xabar bermoqda The Daily Mail nashri.

2,5 litrli dvigatel bilan jihozlangan avtomobil 580 kg og‘irlikka ega. Taxminlarga ko‘ra, mashina suzish paytida yaxtaning maxsus bo‘linmasiga joylashtiriladi. Yangi mashina uni sho‘r suv va shamoldan himoya qiluvchi zanglashga qarshi vosita bilan qoplangan.

Buyurtma bo‘yicha chiqariladigan bunday mashinaning bir donasi 500 ming funt sterlingni tashkil qiladi. Avtomobil egalari o‘z xohishlariga ko‘ra, salon intererini yaxta dizayniga monand o‘zgartirishlari hamda yaxta yoki portning nomi o‘yib tushiriladigan yozuvga buyurtma berishlari mumkin.

Hozircha buyurtmalarning yo‘qligiga qaramasdan ishlab chiqaruvchilar yangi mashina ommalashib ketadi, deb hisoblamoqdalar. Yaxta ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Camper & Nicholsons kompaniyasining vakili hozirdanoq mashinaga bir necha kishi qiziqish bildirayotganini ma'lum qildi.

Monakodagi yaxtalar shousi 23-26 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda 25 metrdan 90 metrgacha bo‘lgan yaxtalar namoyish qilinadi.

Top