05:29 / 19.09.2015
3196

Hindistonda xizmat ko‘rsatish sohasidagi 368 ta ish o‘rniga 2,3 mln hind da'vogarlik qilmoqda

Hindistonning Uttar-Pradesh shtatidagi mahalliy hukumatdagi 368 ta ish o‘rniga 2,3 mln ga yaqin hind, jumladan 200 ming nafar oliy ma'lumotli mutaxassis, 30 nafar diplomga ega dasturchi va 255 nafar doktor unvoniga ega bo‘lgan hind da'vogarlik qilmoqda, deb xabar bermoqda Associated Press axborot agentligi.

Mahalliy hukumat “5-sinf maktab ta'limiga ega bo‘lgan odam ham eplay oladigan” ishga 368 nafar xodim izlamoqda. Gap xizmat ko‘rsatish xodimlari haqida ketmoqda. Hukumat yozma imtihon foydasiga nomzodlar bilan suhbat o‘tkazishdan bosh tortdi. Mahalliy hukumatning baholashicha, har bir nomzod bilan suhbat o‘tkazish uchun 4 yil vaqt talab qilingan bo‘lardi.

Hududiy hukumat rahbari Alok Ranyan nomzodlar sonini “aqlbovar qilmas darajada juda ulkan” deb aytdi.

“Bu Hindistondagi mehnat bozorining joriy holatini aks ettiradi va aholining ta'lim darajasi yuqori bo‘lishiga qaramasdan ayanchli holatni namoyish qiladi. Ular oliy ta'limga ega ekanliklariga qaramasdan, idish-tovoq yuvishlari, choy keltirishlari va boshqa shu kabi ishlarni bajarishlariga to‘g‘ri keladi”, deb aytdi Ranyan.

Hindiston statistikasiga ko‘ra, mamlakatda ishsizlik darajasi 6,6 foizga yaqinni tashkil qiladi, mustaqil hisob-kitoblarga ko‘ra esa bu ko‘rsatkich 10,6 foiz darajasida ekanligini aytilmoqda.

Top